Sport arbitraj sudi Artur Taymazovning Pekin—2008 Olimpiadasi chempionligidan mahrum etilgani borasidagi apellyatsiyasini qanoatlantirmadi. Bu haqda “Gazeta.uz” tashkilot matbuot xizmatiga asoslanib xabar berdi.

Foto: “Uz24.uz”

Avvalroq Xalqaro olimpiya qo‘mitasi antidoping qoidalarini buzgani uchun Artur Taymazovni Pekin—2008 Olimpiadasi chempionligidan mahrum qilgandi. Shu tariqa finalda u bilan gilamga chiqqan rossiyalik Baxtiyor Ahmedov 120 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida rasman chempion sifatida tan olingandi.

Men haqiqat qaror topishiga ishongandim, ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Mening g‘alabam toza bo‘lgandi. Nimalar deyishmasin va qanday qarorlar qabul qilishmasin, men o‘z muxlislarim uchun baribir Olimpiadaning uch karra chempioni bo‘lib qolaveraman.

Hayotida biror marta ham mashg‘ulot o‘tkazmagan va olimp cho‘qqisi sari yo‘l naqadar mashaqqatli ekani haqida umuman bilmaydigan insonlar qaror chiqarib o‘tirishi achinarli. Ular sportda qilayotgan ishda men odamgarchilik ko‘rmayapman.

Artur Taymazov, Olimpiada chempioni

Artur Taymazov o‘z vazn toifasida ikki karra jahon chempioni bo‘lishdan tashqari, Sidney—2000 Olimpiadasini kumush medal bilan yakunlagan, keyinroq Afina—2004, Pekin—2008 va London—2012 Olimpiadalarida oltin medalga ega chiqqan.