Rossiyalik va boshqa mamlakatlar fiziklari magnit-rezonans tomograflarining (MRT) quvvatini pasaytirishga imkon beruvchi noodatiy material yaratdi. Material magnit-rezonans tomografiyasini kardiostimulyator, eshitish apparatlari va boshqa implantatlari bo‘lgan kishilar uchun xavfsiz qiladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Olimlarning tushuntirishicha, magnit-rezonans tomografi yadro-magnit rezonansi effektiga asoslangan. Tomografiya seansi vaqtida miya va odamning boshqa a’zolari kuchli doimiy magnit ostida radioto‘lqinlar bilan nurlanadi, natijada vodorod va boshqa atomlarning yadrolari teri to‘qimalarida tebrana boshlaydi va ma’lum chastotadagi to‘lqinlarni tarqatadi.

Bu to‘lqinlarni kuzatgan holda olimlar bunday atomlarning holatini, to‘qimalar haroratini va o‘rganilayotgan a’zolarning boshqa xususiyatlarini o‘rganadi. MRT-skanerlarining ishi uchun o‘ta yuqori o‘tkazgichlar asosidagi kuchli magnitlardan foydalaniladi. Bu esa qurilmaning qo‘llanish sohasini chegaralaydi va uning ishlatilishini anchagina qimmatlashtiradi.

Bir yil avval olimlar mis bo‘laklaridan maxsus metamaterial yaratgan holda MRT-skanerining ishini tezlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Metamaterial tasvirni yanada yorqinroq qilgan. Bu shifokorlarga kamroq skanerlash evaziga aniq tasvir olishga, tasvirlar yechimini oshirishga va ularni ancha qisqa vaqt ichida olishga imkon beradi.

Metamaterial ustida ishlayotgan olimlar uni MRTning eng katta kamchiligini bartaraf etish uchun qo‘llash haqida o‘ylab qolgan. Gap shundaki, tibbiy implantati bo‘lgan kishilar bugungi kunda tomografiya tekshiruvidan o‘ta olmaydi, chunki protezlar va elektron qurilmalarning metall qismlari skanerlash vaqtida qiziydi va bu qurilmalarni ishdan chiqarishga va inson hayotiga xavf solishga sabab bo‘ladi.

Olimlarning aytishicha, metamaterialni shunday o‘zgartirish mumkinki, u elektromagnit maydonni tomografning ichida qayta taqsimlaydi va uni o‘zining ichida kuchaytiradi. Bu esa olinadigan tasvir sifatini yanada kuchaytiradi va MRTning kuchini zararsiz darajagacha pasaytiradi.

O‘tkazilgan tajribalar ixtiro barcha vazifalarni to‘liq bajarib, signalni 3,6 marta kuchaytirgan holda tasvirni yanada yorug‘ va aniq qilishga imkon berishini ko‘rsatgan.