“Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublari o‘rtasidagi O‘zbekiston Kubogining finali borasida O‘FF bayonot berdi.

Foto: O‘FF

Bayonotda aytilishicha, kubok finalida 34 ming ishqiboz uchun mo‘ljallangan “Bunyodkor” stadioni to‘lib-toshgan. Bu holat o‘zbek futboliga bo‘lgan qiziqish yana ortayotganidan darak beradi. Qolaversa, O‘FF ham tarixda ilk bor kubok finali oldidan shou uyushtirgani hamda haqiqiy bayram tashkil qilgani ta’kidlangan.

Taqdirlash marosimi oldidan bir qator futbol ishqibozlari maydonga yopirilib tushgandi. Tashkilot bu holatni quyidagicha izohladi: “Muxlislarni stadionda xursand qilish maqsadida O‘FF tomonidan koptok va sharflar sovg‘a tariqasida tarqatildi. Muxlislarning emotsiyalarga berilib, o‘yin yakuniga yetganidan so‘ng “Lokomotiv” klubi futbolchilarini tabriklash maqsadida maydonga chiqib ketishi kabi vaziyatlar futboli rivojlangan davlatlarda ham uchrab turadigan holat hisoblanadi”.

Kubok finalidan keyin muxlislar tekin to‘p ilinjida “Bunyodkor” maydoniga yoppasiga tushib ketdi (video)

PFL bosh direktori O‘zbekiston Kubogining finalini shou tarzida o‘tkazish qaroriga bejiz kelmagan. 25-noyabr kuni Omon G‘ofurov Osiyo Chempionlar Ligasining Yaponiyada o‘tgan final bellashuvini stadiondan kuzatgan hamda nufuzli musobaqani qanday o‘tkazish kerakligi borasida tajriba to‘plagan. Keyinroq bu ishni u O‘zbekiston Kubogi finaliga tatbiq qilgan.

Video: “Bunyodkor” stadioni oldidagi minglab muxlislar

Final uchrashuvini stadiondan kuzatgan OFK prezidenti Shayx Salmon futboldan katta taassurot olgan va mamlakatda muxlislarning futbolga qiziqishi yuqori ekanini ta’kidlagan. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi kelasi mavsumdagi uchrashuvlarni ham ko‘tarinki kayfiyatda, haqiqiy bayram tarzida o‘tkazib, futbol muxlislarini xursand qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi, deb bayonotga yakun yasalgan hamda muxlislar stadionga chorlab qolingan.