Bangkok shifoxonalaridan biridagi portlash tashkilotchisi 6-dekabr, chorshanba kuni 27 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Bangkok sudi qarorida ma’lum qilindi, deb yozadi “TASS”.
Avval elektrtarmoq kompaniyasida muhandis bo‘lib ishlagan 62 yoshli Vattana Pumret portlashdan so‘ng huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo‘lga olingan va u o‘z aybini tan olgan edi.
Sentabrda sud uni portlovchi moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish va saqlashda aybdor deb topib, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etish va o‘q-dorilarni noqonuniy saqlash uchun 60 dollar miqdoridagi jarima jazolarini tayinlagan edi.
6-dekabr kungi sud majlisi davomida Pumret, shuningdek, qotillikka qasddan urinishda aybdor deb topildi. “Sudlanuvchi o‘z aybini tan olganligini inobatga olib, unga 27 yillik qamoq jazosi tayinlandi”, — deyiladi sud qarorida.
22-may kuni, Tailanddagi harbiy to‘ntarishning uch yilligida Pxramongkutklao shifoxonasi hududida portlash sodir bo‘lgan edi. Oqibatda 25 kishi jarohat olgan edi.
Izoh (0)