4-dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj safariga borishni istovchilar uchun qo‘yiladigan talablar aks etgan fatvoni e’lon qilgan edi. Fatvoning ayrim holatlari matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgani bois idora raddiya berdi.
“Avvalo, mo‘min-musulmonlar hajni Alloh taolo buyurgan ulug‘ ibodat deb bilmoqlari lozim. Bu ibodatning farz bo‘lishi uchun shariatda belgilangan shartlari mavjud. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Haj haqida fatvoni chiqarishdan ko‘zlangan maqsad aynan mana shularni mo‘min-musulmonlarga yana bir karra yetkazib qo‘yishdir”, — deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha, keyingi vaqtlarda hajga borayotganlar orasida uni ibodat deb bilishdan ko‘ra, orzu-havasga aylantirib olayotganlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Ba’zi kishilar ota-onalari yoki biror yaqin kishilarini hajga kuzatish va kutib olish asnosida dabdababozlikka o‘tib ketmoqda. “Vaholanki, birorta ibodatni ado etgan kishi Alloh taolo uning ibodatini huzurida maqbul aylaganidan umidvor bo‘lish bilan birga, qabul bo‘lmay qolmadimikan, degan hadik qalbining bir chekkasida turishi lozim. Shuning uchun ham hajga borishga talabgorlarning ruhiy, ma’naviy va axloqiy tomondan munosib bo‘lishlari juda ham muhimdir”.
Ta’kidlash joizki, raddiyada muqaddam matbuot diqqatini tortgan holatlar — Haj safariga chiqishni istovchi shaxslar jismonan sog‘lom bo‘lishi, moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lishi lozimligi inkor etilmadi, balki tushuntirib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, moliyaviy tomondan nafaqat haj safari uchun zarur bo‘lgan mablag‘ga ega bo‘lish, balki oilaning boshlig‘i sifatida qaramog‘idagi kishilarning nafaqasini ham to‘la-to‘kis ta’minlab ketish lozim.
“Ba’zilar yillar davomida ro‘zg‘or, bola-chaqa nafaqasidan qisib-qimtib hajga borish niyatida mablag‘ yig‘adilar. Vaholanki, ularning zimmasida hajga borishdan ko‘ra farzandlari, oilasi ta’minoti vojib ekaniga parvo qilmaydilar. Bundan tashqari nisob miqdoridagi mablag‘ga ega bo‘lgan kishi yilda bir marta uning zakotini berishi farz ekanini o‘ylab ham ko‘rmaydigan, mablag‘ni esa haj uchun jamg‘arayotganini ro‘kach qiladiganlar ham uchrab turadi”, — deyiladi maqolada.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvoni noto‘g‘ri talqin qilgan ommaviy axborot vositalarini qonun hujjatlarini buzishda aybladi:
“Mazkur fatvoda haj ibodatiga borish haqida faqat tushuntirish va tavsiyalar berilgan bo‘lib, bu hajga boruvchi fuqarolarimiz uchun eng muhim jihatlar hisoblanadi. Buni noto‘g‘ri talqin qilayotgan ayrim ommaviy axborot vositalari esa sohaga oid bir qator qonun hujjatlarini qo‘pol ravishda buzgan hisoblanadilar”.
Izoh (0)