2-dekabr kuni VIII “Sankt-Peterburg” xalqaro opera qo‘shiqchilari tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi, deb yozadi “TASS”.

Foto: “Conservatory.ru”

G‘oliblar ro‘yxatida o‘zbekistonlik tenor Behzod Davronov va mo‘g‘ulistonlik bariton Badral Chuluunbaatar yetakchilik qildi, ular ko‘rikda birinchi o‘rinni bo‘lishib oldi.

Hakamlar hay’ati a’zosi, Rossiya xalq artisti Sergey Leyferkus  Chuluunbaatarni ko‘rikning barcha bosqichlarida barqaror ravishda chiqish qilgan “ajoyib bariton” deb atadi. O‘zbekistonlik xonanda, uning fikricha, ““his-tuyg‘uga to‘la, yaxshi o‘qigan” va final uning muvaffaqiyati cho‘qqisiga aylandi.

Behzod Davronov 2016-yilda O‘zbekiston konservatoriyasini bitirgan, “Romansiada-2016” xalqaro tanlovi gran-prisi sohibi, O‘zbekiston Akademik Katta teatri stajyori.