O‘zbekistonlik taniqli futbolchi Timur Kapadze futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qildi. “Lokomotiv” sharafini himoya qilayotgan yarim himoyachi bugun bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Kubogi finalining “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinida so‘nggi bor yashil maydonga chiqadi.

Foto: Google Images

36 yoshli futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida eng ko‘p maydonga tushganlar ro‘yxatida qayd etiladi. U bosh jamoa sharafini 119 ta bellashuvda himoya qilishga muvaffaq bo‘lgan. Kapadze 2015-yilgi Osiyo Kubogidan keyin termadan ketishga qaror qilgandi.

Foto: “Lokomotiv”

Faoliyati davomida Timur Kapadze 12 bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlariga futbolchi Toshkentning uch grand klubi — “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv”da, shuningdek, Farg‘onaning “Neftchi” klubida erishdi. Shuningdek, 9 bor mamlakat kubogini boshi uzra baland ko‘tardi.

Kapadzega xorijda to‘p surish ham nasib qilgan. U 2011—2012-yilgi mavsumlarni Janubiy Koreyaning “Inchxon Yunayted” klubida, 2012—2013-yilgi mavsumlarni Amirliklarning “Sharja” jamoasida o‘tkazdi. 2013-yildan 2015-yilgacha esa Qozog‘istonning “Aktobe” jamoasida to‘p surdi. 2013-yil Qozog‘iston chempioni bo‘ldi, 2014-yil Qozog‘iston Superkubogini qo‘lga kiritdi. 2013-yil qozog‘istonliklar unga chempionatdagi eng yaxshi legioner futbolchi sovrinini topshirdi.

Kapadze 2015-yildan buyon “Lokomotiv” sharafini himoya qilib kelayotgandi. “Temiryo‘lchilar” Timur bilan ketma-ket ikki bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar “Lokomotiv” mamlakat oltin medallariga ega chiqa olmagandi.

Timur Kapadze murabbiy Tohir Kapadzening o‘g‘li hisoblanadi.

Foto: “Lokomotiv”