Rossiyaning “Pobeda” aviakompaniyasi samolyotining ekipaji bir necha tibbiyotchi yo‘lovchi yordamida parvoz chog‘ida yosh bolani jonlantirishni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Samolyot Moskvadan Beslanga uchayotgan edi.
Bir ayol 6–7 yoshli xasta bola bilan Moskvadan qaytayotgan edi. Parvoz chog‘ida bola o‘zini yomon his eta boshladi, so‘ng hushini yo‘qotib, nafas olishdan to‘xtadi.
Tibbiyot xodimi bo‘lgan ikki yo‘lovchi ekipaj a’zolari bilan birga bolaga yordam ko‘rsatdi. Xastaga niqobli kislorod baloni keltirildi, u jonlantirildi. Parvoz chog‘ida bola yana bir necha marta hushini yo‘qotdi, lekin unga yordam ko‘rsatilishi davom etdi.
Shifokorlar bola parvozning oxirigacha bardosh bera olmasligidan xavotir olganiga qaramay, ekipaj komandiri parvozni Beslanga qadar davom ettirishga qaror qildi. Aeroportda bolani tez tibbiy yordam brigadasi kutib turgan edi.