Rossiyaning Irkutsk viloyati, Ust-Kut shahrida politsiya xodimi ko‘p qavatli uyda gaz balloni portlagan chog‘da 15 kishini qutqarib qoldi. Bu haqda, Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volkka tayanib, “TASS” xabar bermoqda.

Foto: “TASS”

Portlash ta’mirlash ishlari chog‘ida ro‘y berdi. Buning oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, uch kishi tuman shifoxonasiga yotqizildi. Uydan 100 kishi evakuatsiya qilindi.

IIV vakilining so‘zlariga qaraganda, 2-dekabr kuni politsiya katta leytenanti Yuliy Peshkov oilasi bilan yaqin atrofdan mashinada o‘tayotganida portlash ovozini eshitgan. U voqeaning birinchi guvohlaridan bo‘ldi. Politsiyachi darhol besh qavatli bino tomon yo‘l oldi.

Dastlab kvartiralardan birida u tibbiy yordamga muhtoj ayolni topib, uni tashqariga olib chiqdi. Jami Peshkov 15 kishini qutqarib qoldi.