2000-yilda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati vaqtida reglamentga zid holat aniqlandi. Sirdaryo jamoasi safida ro‘yxatdan o‘tmagan va yoshi kichraytirilgan futbolchi topildi, deb yozdi O‘FF matbuot xizmati.
Oqibatda mazkur jamoaga mas’ul bo‘lgan ikki shaxs O‘FF tomonidan futboldan umrbod chetlashtirildi. Endilikda Jahongir Murodqosimov hamda Ahror Mirazimovga tegishli bo‘lgan litsenziya va sertifikatlar butunlay bekor qilingan va bu borada Sport Qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, Sirdaryo futbol federatsiyasiga mazkur ikki shaxsga nisbatan jiddiy choralar ko‘rish kerakligi uqtirilib, bu haqda 3 kun ichida hisobot berish aytilgan.
O‘FF xabarida Jahongir Murodqosimov va Ahror Mirazimov Sirdaryo jamoasida aynan qanday lavozimlarda bo‘lgani aytilmagan. Shuningdek, yoshi kichraytirilgan futbolchining aslida kim ekani va u qayerdan kelib qolgani borasida ham ma’lumot berilmagan.
O‘zbekiston chempionati o‘yinlariga Buxoro mezbonlik qilgan bo‘lib, unda butun respublikadan 12 ta jamoa ishtirok etayotgandi. Yuqoridagi holat sabab Sirdaryo termasining barcha natijalari bekor qilingan.
O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonovning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan ishdan qolgan viloyat futbol federatsiyalari ham voqif qilingan bo‘lib, yana kimdir bu kabi ishga qo‘l ursa, keskin choralar ko‘rilishi borasida ogohlantirilgan.
Izoh (0)