6-dekabr kuni start oladigan futbol klublari o‘rtasidagi Jahon Chempionati bellashuvlari UzReport va Futbol-TV telekanallarida namoyish etiladi. Bu haqda telekanal sharhlovchisi Davron Fayziyev Rossiya—2018 mundialiga qur’a tashlash marosimi translyatsiyasi vaqtida aytib o‘tdi.

Foto: FIFA

16-dekabrga qadar davom etadigan musobaqaga BAA mezbonlik qiladi va unda o‘z qit’asining chempion jamoalari raqobat hosil qiladi: “Real Madrid” (UEFA), “Gremio” (CONMEBOL), “Pachuka” (CONCACAF), “Vidad Kasablanka” (AFK), “Urava Red” (OFK), “Oklend Siti” (Okeaniya). Shuningdek, Amirlik chempionatining amaldagi g‘olibi, o‘zbekistonlik Sardor Rashidov to‘p suradigan “Al-Jazira” ham mazkur musobaqada ishtirok etadi.

“Real Madrid” va “Gremio” klublari turnirga yarim finaldan boshlab qo‘shiladi. Musobaqaning ilk o‘yinida “Al-Jazira” Yangi Zelandiyaning “Oklend Siti” klubiga qarshi maydonga tushadi. UzReport va Futbol-TV turnirdagi barcha bellashuvlarni jonli ko‘rsatadi.

Ayni vaqtda telekanal Rossiya—2018 mundiali translyatsiyasi huquqini qo‘lga kiritish ustida ish olib bormoqda. Bu borada UzReport telekanaliga Sport-TV raqobat tug‘diradi. Bungacha UzReport JCh—2018 qur’asining translyatsiyasi huquqini xarid qilish bo‘yicha raqobatda yutib chiqqandi.

UzReport JCh—2018 qur’a marosimi translyatsiyasi huquqini xarid qildi. Sport-TV esa uni boshqa uslubda ko‘rsatadi

UzReport telekanali 2016-yil Fransiyada o‘tgan Yevro—2016 bellashuvlarini translyatsiya qilgan bo‘lsa, Sport-TV JCh—2014 uchrashuvlarini olib ko‘rsatgan. Mazkur telekanallardan biri Rossiya—2018 musobaqasining eksklyuziv huquqini xarid qilsa, ikkinchi tomon mundialni translyatsiya qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.