Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi ketma-ket ikki bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. “Bunyodkor” kuchli uchlikka kira olmadi, “Paxtakor” esa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda Qarshining “Nasaf” klubidan ilg‘or bo‘la olmadi.

Foto: “Paxtakor”

“Championat.asia” nashri dastlabki to‘rt o‘rinni egallagan jamoalarning o‘zaro o‘yinlaridan kelib chiqib, yangi jadval hosil qildi. Bunda Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi “Bunyodkor” qolgan yetakchilardan ustunroq ekanini ko‘rish mumkin. “Qaldirg‘ochlar” vitse-chempion “Nasaf”ni har ikki o‘yinda ham taslim qilgan Oliy Liganing yagona jamoasi bo‘lishni uddalagan.

“Temiryo‘lchilar” esa markaziy o‘yinlarda nafaqat “Bunyodkor”, balki “Paxtakor”dan ham yaxshiroq bo‘la olmagan. “Lokomotiv” o‘z maydonida raqiblarini mag‘lub etgan bo‘lsa-da, safarda imkoniyatni boy bergan. Qarshida biryo‘la 2 ta gol farqi bilan yengilgan.

“Paxtakor”ning bundagi to‘plar nisbati Qarshidagi 0:4 dan keyin minusga kirib ketdi. “Nasaf” esa o‘sha g‘alaba sabab plyusda.

Foto: “Championat.asia”

Avvalroq Oliy Ligada 12 ta klub qolsa, dastlabki 6 o‘rinni egallagan jamoalar alohida chempionlik uchun kurash olib borishi kerak, degan fikr berilgandi. Yuqoridagi jadval ko‘rsatib turibdiki, faqat markaziy o‘yinlar qolganida, jadval ko‘rinishi umuman boshqacha bo‘lishi ketishi ham mumkin.