“Kommersant.uz” Volvo Group korporatsiyasi moliyaviy mutaxassisi Sherzod Jalilovning O‘zbekistonda elektromobillarni hamda yevropacha ish yuritishni joriy etish haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Foto: “Kommersant.uz”

Sherzod Jalilov Samarqandda tug‘ilgan, Toshkent moliya institutining Moliya-iqtisodiyot fakultetini va Vrotslav davlat universitetining (Polsha) Iqtisodiyot fakulteti magistraturasini a’lo baholarga tamomlagan. O‘zbekistonda UzBAT kompaniyasi moliya bo‘limi mutaxassisi va Artel kompaniyasida ta’minot bo‘yicha menejer sifatida ishlagan.

– Hozirda Vrotslav shahrida yashayman. Volvo Group’ning Polsha bo‘linmasida moliyaviy nazorat bo‘limi mutaxassisi lavozimida ishlayman. Qo‘shimcha ravishda Volvo Production System’da fasilitatorlik qilaman. Ishim ishlab chiqarish jarayonini statistik ma’lumotlar asosida monitoring va nazorat qilish, tahlil va moliyaviy hisobotlar tayyorlash, yetkazib berilgan tovar uchun to‘lov o‘z vaqtida o‘tkazilishini kuzatishdan iborat. Shuningdek, asosan Belgiya va Shvetsiya bo‘yicha moliyaviy masalalarni hal qilaman. Darvoqe, kompaniyaning bosh qarorgohi Shvetsiyada joylashgan – Gyoteborg shahrida. Volvo’ning boshqa mamlakatlardagi bo‘linmalariga ishlab chiqarishning va umuman kompaniyaning iqtisodiy hayotini muhokama qilish uchun tez-tez borib turaman.

Chet ellarga biznes-safarlar kompaniyaning barcha bo‘linmalaridagi noyob mutaxassislar bilan tanishish, dunyoqarashni kengaytirish va yangi g‘oyalar yaratishga ko‘mak beradi. Oktabr oxirlarida Kortreyk (Belgiya)ga bordim – u yerda o‘tgan Busworld—2017 ko‘rgazmasida kompaniyamiz yangi modellarni taqdim etdi.

Foto: Volvobuses

– Volvo’ga ishga kirishingiz qanday bo‘lgandi?

– Bolaligimdan ilm-fan va texnologiyalar uyg‘unligi taraqqiyotning asosiy katalizatori ekanligini tushungandim. Dunyoni o‘zgartirishga o‘z hissamni qo‘sha olishimda yordam bera oladigan kompaniyani izlardim. Volvo Group – elektromobillar ishlab chiqish jarayoniga bosh qo‘shgan bir necha kompaniyalardan biridir. Bu avtosanoatning yangi davri boshlanishidir. Shu sababli Vrotslav universiteti talabasi ekanimdayoq moliyaviy nazorat bo‘limi kichik mutaxassisi lavozimiga rezyume topshirib qo‘ygandim.

– Saralashdan o‘tish qiyin bo‘lmadimi?

– Saralash uch bosqichda o‘tkazildi: rezyume, tajriba va bilimlar, suhbat. Birinchi ikki bosqich – standart taomil. Asosiy e’tibor uchinchi bosqichga qaratiladi, unda komissiya nomzodning shaxsiyatini aniqlaydi. Dunyoga o‘zgacha qarash sizning foydangizga ishlaydi. Bo‘lim menejerining so‘zlariga ko‘ra, bir o‘ringa 100 dan ziyod nomzodlar to‘g‘ri kelgan. Bizni jamoaga qabul qilishdi va moliyaviy jarayonlarni o‘rganib Polshada tatbiq etish uchun, darhol Shimoliy Karolinaga (AQSh) yuborishdi. Dasturning muvaffaqiyatli yakunlanishi kompaniyadagi mavqeyimizni mustahkamladi.

Foto: “Kommersant.uz”

– Kompaniya qanday sharoitlar yaratadi?

– Yil davomida bonuslar berib boriladi. Ijtimoiy paketga bepul tibbiy tekshiruv, sport muassasalariga, kinoteatrlarga tashriflar kiradi.

Ish kuni sakkiz soatdan oshmaydi. Bundan keyin inson konsentratsiyasini yo‘qotadi, deb hisoblanadi. Miya charchaydi va uyga borishi kerak bo‘ladi.

Fika madaniyati bilan tanishish manzur bo‘ldi. Bu – shvedlar madaniyatiga xos odat: ishni, ish haqidagi barcha gap-so‘zlarni va o‘y-fikrlarni chetga surib, hamma birgalikda qahva ichgani boradi. Fika miya to‘qimalarini tozalaydi, shundan keyin ishga sog‘lom aql bilan qayta kirishish mumkin bo‘ladi.

– Volvo’da ishlash sizga nima berdi?

– Volvo’da biror soniya bo‘lmadiki, men o‘zimni mohiyat va maqsadga tushunmay, kelib ishini qilib ketadigan odamdek his qilgan bo‘lsam. Aksincha, kompaniya mening o‘rnim naqadar ahamiyatli ekanligini anglatib turadi. Har gal yangi elektromobillar chiqarganimizda va bu bilan Yevropa transport qiyofasini o‘zgartirayotganimizda, dunyoni yaxshiroq qilayotganimizda men buni yaqqolroq his etaman. Yaqinda shaharda ochilgan ko‘rgazmada Tesla avtomobillarining test-drayvi o‘tkazildi. U yerda ko‘rganlarim bu yo‘nalishdagi loyihalarimiz ustida yanada ruhlanib ishlashga undadi.

Foto: “evo.co.uk”
Volvo Polestar 1 elektromobili

– Yevropada elektromobillar qanchalik keng tarqalgan?

– “Yevropa 2020” strategiyasi qabul qilingach, Yevroittifoq transport tizimi butkul o‘zgarmoqda. Yevropa bo‘ylab sayr qilarkanman, elektromobillar an’anaviy avtomobillarni qanchalik tez siqib chiqarayotganligini kuzataman. Tesla avtomobillari, Volvo elektr avtobuslari odat tusiga kirdi. Biz, masalan, Belgiya, Shvetsiya, Norvegiya, Lyuksemburgga elektr avtobuslar yetkazish hajmini kengaytirdik. Gyoteborgda ElectriCity loyihasini tashkil etdik – u shaharni to‘liq elektromobillar bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi. Volvo Car kompaniyasi 2019-yildan boshlab to‘liq elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tadi. Dunyo juda tez o‘zgarmoqda, bugungi innovatsiyalar tez orada eskirgan mahsulotga aylanadi.

– Elektromobillarni O‘zbekistonda qo‘llash g‘oyasiga qanday qaraysiz?

– Fikrimcha, jahon avtogigantlari yoqilg‘ili mashinalar ishlab chiqarishdan butunlay voz kechadigan kunlarga oz qoldi. Shu sababli, mamlakatimiz hozirdanoq elektromobillarni joriy etish uchun sharoitlar yaratish borasida o‘ylashi kerak. Kichik sinov shahar-loyihalardan boshlash va ularni elektr-shaharlarga aylantirish, quyosh batareyalaridagi elektr zaryadlash qurilmalari va elektrda yuruvchi jamoat transportlari bilan ta’minlash maqsadga muvofiq bo‘lardi. Albatta, bunday loyihalar muayyan qiyinchiliklarga ega, yirik investitsiyalarsiz ish bitmaydi.

Foto: “Kommersant.uz”

– Volvo tajribasining qay jihatlarini O‘zbekistonda qo‘llash mumkin?

– Bu yerda “boshliq” va “bo‘ysunuvchi” degan tushunchalar yo‘q. Menejer g‘oyalar to‘planishi uchun muhitni yaratadi, xolos. Ularni amalga oshirishda lavozimidan qat’i nazar barcha qatnashadi. Bunday muhitda noyob g‘oyalar yaratish istagi o‘z-o‘zidan o‘sadi va inson kundan-kunga takomillashib boradi.

Fikrimcha, bunday sharoitlarni O‘zbekistondagi kompaniyalarda yaratish ijobiy natijalar keltiradi va xodimlarga katta ta’sir ko‘rsatadi. Kompaniyaning dunyodagi mavqei unda hukm suruvchi ruhiyatga ko‘p jihatdan bog‘liq, deb o‘ylayman.

– O‘zbekistonga qaytib, bu yerda ishlash yoki o‘z loyihangizni yuritish rejada bormi?

– Albatta. Kunlar juda qizg‘in o‘tishiga qaramay, O‘zbekistonni sog‘inaman. Milliy taomlarimiz va… quyoshimiz yetishmaydi.

Yurtga qaytgach, Volvo’da olgan tajribamni tatbiq etib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishni istardim. G‘oyalarni to‘plash uchun qulay muhit yaratish kompaniyalarga fikr yuritishning yangi bosqichiga chiqish imkonini beradi va jahon maydonida ilgarilashga xizmat qiladi. Lekin bu yagona maqsad emas. Asosiy maqsad – innovatsiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish.