O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” MA, Yosh kinoijodkorlar kengashi hamda Kinemotografiyani rivojlantirish markazi tomonidan o‘tkazilayotgan III Respublika PROlogue – 2017 kinofestivali davom etmoqda.

29-noyabr kuni yosh kino ijodkorlarning kino loyihalari pitching asosida soha mutaxasislari, kinoshunoslar, rejissorlar hamda OAV xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Pitchingda “Daryo” jurnalisti Feruz Muhammad ham ishtirok etdi.

Foto: “Daryo”

Pitching deb yosh ijodkorlarning kino loyihalarini homiylar, hammaslaklar topish maqsadida o‘tkaziladigan taqdimotiga aytiladi. Pitchingda Sanjar Sultonov “Jarayon”, Mashrab Aliqulov “Manzil”, Doniyor Aripov “Sukunat”, Sherzod Musayev “O‘gay”, Bobur Qobilov “Malenkiy Angel”, Muhammad Yusupov “Oq-qora spektakl”, Ibrohim Hamrayev “Tumor” deb nomlangan loyihalari bilan ishtirok etdi.

O‘zbek kino olamida ilk marta amalga oshirilayotgan loyihada ishtirokchilar o‘n daqiqa davomida filmi haqida, uning ssenariysidan tortib to film uchun qancha mablag‘ ketishi, aktyorlar jamoasi, suratga olish muddati, texnikasigacha ma’lumot berishi lozim bo‘ladi. Pitchingda Muhammad Yusupovning “Oq-qora spektakl” deb nomlangan, jami 11 million 600 ming so‘m mablag‘ hisobiga suratga olinishi rejalashtirilgan loyihasi yig‘ilganlar orasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi.

Muvaffaqiyatli o‘tgan loyiha “O‘zbekkino” tomonidan moliyalashtirilishi alohida qayd etildi.

Foto: “Daryo”

Pitchingni boshqarayotgan jurnalist Shoira Raufboyeva Yosh kinoijodkorlar kengashi nomidan “Biz pitching so‘zi nafaqat til boyligimizda yangi atama bo‘lib qo‘shilishining, balki o‘zbek kino san’atida ham keng qo‘llanishi taklifini bermoqchimiz. Toki, davlat mablag‘i hisobidan suratga olinayotgan filmlarning taqdiri tor doirada, kabinetlarda hal bo‘lmasligi kerak degan fikrdamiz. Biz shaffoflik tarafdorimiz”, deya fikrlarini bayon qildi.

Mazkur fikrlarda javoban “O‘zbekkino” direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev quyidagilarni bildirib o‘tdi:

Bugungi yettita taqdimot meni juda ham quvontirdi. Biz katta kinodagi badiiy kengashning ishini aynan shunday tashkil qilganmiz. Bizning yangi nizomimiz to‘lig‘icha kino loyihalarining taqdimotiga qaratiladi. Kinoloyihalar bu hamfikr ijodkorlarning birgalikda tayyorlagan kino loyihasi va uning taqdimotidir. Sizlar hozir yakka holda tayyorlagan loyihani taqdim qilmoqdasizlar. Biz bir nechta ijodkorlarning birgalikda, birlashib, fikrlashgandan so‘ng badiiy kengashga taqdim etishi nuqtai nazaridan nizom ishlab chiqqanmiz. Bugun sizlar bizning shu yo‘nalishda boshlagan harakatlarimizni bilib-bilmay, o‘zingizning doirangizda amalga oshirishga harakat qildinglar va bu tahsinga sazovor ish bo‘ldi.

Shuhrat Rizayev, “O‘zbekkino” direktorining birinchi o‘rinbosari

Pitchingda eng yaxshi loyiha PROlogue – 2017 kinofestivalining yopilish marosimida e’lon qilinadi.