Ijtimoiy tarmoqlar, internet-nashrlarda Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev ta’lim muassasalari rahbarlarini haqorat qilayotgani yozilgan audio keng tarqalgandi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)da 20-noyabr kuni e’lon qilingan “Rahbar yuksak ma’naviyatli, har bir ishda barchaga ibrat bo‘lishi kerak” sarlavhali maqolada hokim Rahmatullayevning harakatlariga munosabat bildirilgan. “Daryo” agentlik e’lon qilgan maqolani to‘liq qayta e’lon qiladi.

Foto: “Kun.uz”

Xalqimiz azaldan o‘zining bunyodkorligi, yuksak ma’naviyati, odob-axloqi, madaniyati, xush muomalasi, mehr-oqibati bilan shuhrat qozongan. O‘ziga xos yuksak qadriyat sifatida bu barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, Andijon va andijonliklar haqida so‘z ketganda, ko‘z o‘ngimizda yuksak madaniyatli, xushmuomala va mehmondo‘st insonlar gavdalanadi. El suygan hofizning “...chaqaloqni ham sizlashadi anjanchasiga” deb kuylashi Andijon ahlining tom ma’nodagi odob-axloqi, muomala madaniyatini ko‘rsatadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ming afsuski, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim holatlar kishi ko‘nglini xira qiladi. Xususan, Andijon shahar hokimining ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda o‘zini tutishi, muomalasi, haqoratu dashnomlardan iborat gap-so‘zlari, agar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar rost bo‘lsa, uning nafaqat hokim, balki oddiy bir inson sifatida ma’naviyatga munosabati qanday ekanini ko‘rsatadi.

Joriy yil 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarlarning burchi, mas’uliyati va ma’naviyati masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, bunday dedi: "Ish yuzasidan talabchanlik qilish boshqa, odamlarning shaxsiyatiga tegish butunlay boshqa narsa. Odamlar ish yuzasidan sizga bo‘ysunishi mumkin, boshqa har qanday masalada siz bilan teppa-teng huquqqa ega ekanini aslo esdan chiqarmang. ...Barchamiz yaxshi bilamiz, xalqimiz oriyatli, nomusli xalq. Xalqimiz barcha narsaga chidashi mumkin, lekin takror-takror aytaman, adolatsizlik va nohaqlikka chiday olmaydi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarur”.

Mana, haqiqiy rahbar qanday bo‘lishi kerak! Davlat, xalq ishonib topshirgan lavozimda o‘tirgan shaxs o‘zini qanday tutishi, ishni qay yo‘sinda tashkil etishi lozim? Davlat rahbari shunday fikrlarni ilgari surib turgan, kerak bo‘lsa, barcha bo‘g‘indagi rahbarlardan hammaga ibrat bo‘lish lozimligini talab qilib turgan bir paytda hokimning kibrga berilishi, o‘z qo‘l ostidagilarga bunday nomaqbul munosabati-muomalasi hech bir odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Qonunlarimizga zid, kishi shaxsiyatiga tegadigan, tahqirlaydigan bu kabi noxush holatlar nafaqat o‘zining el-yurt orasidagi obro‘-e’tiborini to‘kadi, odamlarning ishdan ko‘nglini sovutadi, eng yomoni, davlatga, ijtimoiy adolatga ishonchiga putur yetkazadi.

— Prezident ta’kidlaganidek, bugungi rahbar talabchan bo‘lish bilan birga, mudom xalq dardi, odamlar tashvishi bilan yashashi kerak,  — deydi Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi rahbari Zokirjon Mashrabov.  — O‘zining yurish-turishi, gap-so‘zi, muomala-madaniyati bilan barchaga ibrat bo‘lishi lozim. Hech bir rahbar qo‘l ostidagilarni tahqirlashga qonunan ham, ma’nan ham haqli emas. Ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida yurt boshqaruvi xususida so‘z yuritib, “...Har ishning zimnida yuz ming mulohaza vojib va lozimdir”, deb yozadi. Bir necha asr ilgari aytilgan mana shu ibratli gapga nima uchun bugun ayrim rahbarlarimiz amal qilmayapti? Butun dunyo katta qiziqish bilan o‘rganayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Alisher Navoiy, Bobur, qolaversa, buyuk sarkarda Amir Temur singari ulug‘ allomalarimiz o‘gitlarini nega o‘qimaydi?

Amaldagi qonunlarimizga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yadi. Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan ayrim kishilarning o‘zlari qonunlarga amal qilmasa, odamlarni orqasidan ergashtira oladimi? Umuman, unday rahbarga birov ishonadimi? Bunday holatlar butun jamiyatda qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini unutmasligimiz lozim. Rahbar avvalo, mana shu jihatlarni, xalq sha’ni, el-yurt dardini o‘ylashi kerak!

Bugun har qanday rahbar aytayotgan so‘zi yoki qilayotgan ishini ming chig‘iriqdan o‘tkazishi, chuqur mulohaza qilib ko‘rishi, shundan so‘nggina aytishi yo bajarishi lozim. Qonunlarga avvalo, o‘zi amal qilishi, barchaga ibrat bo‘lishi zarur.

Men ko‘p yillar turli darajadagi rahbarlik vazifalarida ishlaganman, juda ko‘p katta-kichik rahbarlar, insonlar bilan muloqotda bo‘lganman. To‘g‘ri, o‘z o‘rnida ish yuzasidan talabchanlik qilganman. Lekin hech qachon birovning shaxsiyatiga tegadigan, tahqirlaydigan ish qilmaganman. Rahbar eng avvalo, boshqarishni bilishi kerak, odamlarni o‘z ortidan ergashtira oladigan, turli ishlarga chiroyli tarzda safarbar eta oladigan salohiyatga ega bo‘lishi zarur. Rahbarlikning eng asosiy sharti ham shu. Davlat rahbari ham aynan shunday munosabatni talab qilmoqda.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Har qanday ko‘ngilni xira qiladigan bunday noxush holatlarga nima uchun qonun himoyachilari tomoshabin bo‘lib turadi? Odamlarni tahqirlash, dilini og‘ritish, shaxsiyatiga tegish huquqi hech kimga berilgan emas-ku!? Muqaddas kitoblarda yozilishicha, Alloh ham ko‘p gunohlarni kechiradi, lekin dilozorni hech qachon kechirmaydi.

Darhaqiqat, rahbar bunday qo‘pol munosabat, tazyiq bilan nimaga erishadi? Qo‘l ostidagilar, el-yurt orasida hurmat topa oladimi? Albatta, yo‘q.

—Har qanday shaxs, xoh u oddiy fuqaro, xoh rahbar bo‘lsin, avvalo, jamiyatdagi me’yorlarga amal qilishi, zimmasidagi burch va vazifani qonun doirasida, adolat tamoyillariga rioya qilgan holda bajarishi kerak, — deydi xalq ta’limi faxriysi Olimjon Rahimov. — Ayniqsa, rahbarning ma’naviyati masalasi g‘oyat nozik va o‘ta muhim hisoblanadi. Chunki, u el-yurt ko‘z o‘ngida davlatning nomidan ish ko‘radigan shaxs. Rahbar bag‘rikeng, yuksak ma’naviyatli, odamlar bilan muomala-munosabati chiroyli bo‘lmas ekan, hech qachon jamoada ham, el-yurt orasida ham hurmat-e’tibor topa olmaydi.

Bu borada katta hayotiy tajribaga ega inson sifatida shuni aytamanki, rahbar qattiqqo‘llik, haqorat, noo‘rin dashnom berish bilan hech bir sohada yaxshi natijaga erisha olmaydi. Bugun iqtisodiyotimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda rahbarlar oldiga ulkan vazifalar qo‘yilmoqda. Ayni jarayonda ularning adolat prinsiplariga amal qilishi, yuksak ma’naviyat egasi bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

Bu borada har qanday darajadagi rahbarga Prezidentning “Biz xalqimizning milliy mentalitetiga ham, rahbar, yetakchi degan mas’uliyatli nomga ham umuman to‘g‘ri kelmaydigan, yarashmaydigan bunday noxush holatlar bilan murosa qila olmaymiz. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar  — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi, bir haqiqatni juda chuqur tushunib olishlaringiz shart. Bunday harakatlar davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanadi va aybdorlarga tegishli jazo qo‘llaniladi”, degan so‘zlari dasturilamal bo‘lmog‘i kerak.

O‘zA