Aktyor Shuhrat Nuraliyev 22-noyabr kuni vafot etdi. Aktyorning san’at olamidagi hamkasb do‘stlari,  u haqdagi xotiralarni jurnalist Feruz Muhammadga gapirib berdi.

Foto: Instagram / @shuhratnur

Rahmatli Shuhrat Nuraliyev  bilan ancha yillik ijodiy hamkor, do‘st edik. Yulduz Usmonovaning so‘nggi konsert dasturining bosh rejissori Shuhrat Nuraliyev edi. Biror bir ijodiy rejani hazillashib aytgan taqdiringizda, o‘sha ishni rostdan ham amalga oshiradigan, o‘z ustida ishlashdan charchamaydigan, butun jamoaga ko‘tarinki kayfiyat ulashadigan inson edi. Fidoyilikni qarang, Yulduz Usmonovaning konsertga tayyorgarlik jarayonida ahvoli ikki marotaba og‘irlashib qolganida, borib shifoxonaga joylashtirib qaytsak-da, avval ishni bajaraylik deya ikki bor ham shifoxonadan qochib kelib, yana ishga kirishib ketgan edi. Yulduz Usmonovaning so‘nggi vaqtlarda suratga olingan “Binafsha”, “Ko‘ngil” deb nomlangan video kliplarining rejissori ham aynan Shuhrat Nuraliyev edi.

Mansur Agaliyev, Yulduz Usmonovaning prodyuseri

Foto: “Daryo”

Shuhrat Nuraliyev institutda bizdan bir kurs yuqori kursda o‘qirdilar. Talabalikdan har bir ishga jiddiy e’tibor berib bajaradigan, bir jamoa bo‘lib ishlaydigan inson edilar. Yaqinda ular bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirda birga yurganimizda bolaligimizni, talabalik davrlarni ko‘p xotirlagan edik. O‘shanda “nima buncha ozib ketdingiz”, deya savol berganimda,  “Sharof, insultni boshimdan o‘tkazdim, bir tomonim sal ishlamay qoldi, infarktni o‘tkazib yubordim, qandli diabetdan azob chekyapman, shunga ozib ketdim” degan edilar. Barcha san’atkorlar viloyatlardagi tadbirlarning bittasiga borib, bittasiga bormasdan yurgan vaqtda, Shuhrat aka birorta viloyat tadbirini qoldirmasdan, barchasida ishtirok qilgan edilar. “Shuhrat aka charchab qolmayapsizmi” desam, “e Sharof, odamlarning ko‘nglini ko‘tarish, ular bilan birga bo‘lish, bu ham bir savobda, yurganing qolar ekan, ko‘nglini ko‘tarsang, bir umr eslab yuradi deb hamma viloyatga borayapmanda”, degan edi. “Viloyatma-viloyat safarda, tadbirda yurish boshqa ishlariga xalaqit qilmayotganmikan”, deya o‘ylab qolgan edim. Balki rahmatli o‘shanda nimalarnidir ko‘ngli sezgandir deb hozir o‘ylayapman.

Sharof Muqimov, xonanda, Shuhrat Nuraliyevning do‘sti

Foto: Instagram / @shuhratnur

2008-yil, jazirama yoz. Suratga olish maydoniga hammadan oldin kelarding. “Haaa, zvezdalaring qani?”, derding. “Mana man turibman-u!”, derdim. “Tekstni och”, “Uyingda yodlab kelsang o‘lasanmi?”... “Man yodlaganman, qolgan ‘artislaring’ qaytarib olsin”... 5 yosh kichkina eding a... jiddiy... bachkana... o‘zidan ketgan... kamtar... oq ko‘ngil... PROFESSIONAL... “kasting” (maydaroq harf topolmadim) mahsuli emas... San’at institutini “tuprog‘ini yalagan”... Ijodkor... izlanuvchan... Ssenariyni o‘qib chiqib, tunda telefon qilarding. Kostyum, yuz ifodasi, qahramonning tarixi, ichki kechinmalari to‘g‘risida so‘rab “jonga tegarding”... Eng muhimi, kinoga “osmon”dan tushmaganding, eee... endi buni senga farqi yo‘q... biz esa o‘sha eski gaplar bilan ovvoramiz... qo‘limizdan kelgani faqt duo... “Mani qachon yana kinoga olasan?”... “Sanbop rol yozolmadim hali”... Endi yozilmasayam kerak...

Sohib Abbosxon, aktyor, Shuhrat Nuraliyevning do‘sti