O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumatning moliya-iqtisod kompleksi sobiq rahbarlarini keskin tanqid qildi. Prezident bu haqda Farg‘ona viloyatida 22-iyun kuni o‘tkazilgan faollar yig‘ilishida aytib o‘tgan; ushbu yig‘ilishdan videoparcha 27-noyabr kuni internetda paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidentning ta’kidlashicha, hukumat moliya-iqtisod kompleksi sobiq rahbarlarining “oyog‘i yerdan uzilgan edi”, pastga tushib, odamlar bilan birga ishlashga ularning “toqati yo‘q edi”; ular yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatishga intilmasdi. “Faqat qog‘oz bo‘lsa, oliyjanob gaplar bo‘lsa zo‘r edi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident kompleksning avvalgi rahbarlari O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi yillik 8 foiz atrofida o‘sayotgani haqida bergan ma’lumotlariga istehzo bilan munosabat bildirgan. “8 foiz... O‘sish 8 foiz bo‘lgan mamlakatda sil bo‘lmaydi. Sil qanday kasallik? Ovqat yemagan odamning kasali”, — deydi O‘zbekiston davlat rahbari.

Yig‘ilish davomida Prezident Rishton tumani hokimining birinchi o‘rinbosariga hududni subvensiyadan chiqarish bo‘yicha qanday choralar ko‘rishi haqida savol bergan. Javobdan qoniqmagach, hokim o‘rinbosari etib tayinlanguniga qadar u qayerda ishlaganiga qiziqqan; rishtonlik amaldor avval moliya bo‘limiga rahbarlik qilganini aytgan.

Moliya bo‘limi boshlig‘i bo‘lsang, sen kasalsan. Moliyaning avvalgi rahbarlari bari kasal bo‘lgan. Men seni bugun ishdan olaman. Bundan qolgan barcha hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari ham xulosa chiqarsin.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Eslatib o‘tamiz, 6-iyun kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksi rahbari Rustam Azimov iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga moliya vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov tayinlangan edi.

Bundan avvalroq, 2016-yil 14-dekabrida Rustam Azimov O‘zbekiston moliya vaziri lavozimidan ozod etilgan edi. U bu vazirlikni 2005-yildan beri boshqarib kelayotgan edi. Hukumatdan ketgan Azimov keyinchalik “O‘zbekinvest” kompaniyasi rahbari etib tayinlangani xabar qilindi.