Angren shahrida ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudlarining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, faxriy huquqshunoslar, tuman faollari va yoshlar ishtirok etdi, deb yozadi O‘zA.
Respublika prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi sud-huquq tizimi moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, hududlarda yangi sud binolari qurilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda.
“Zamonaviy va muhtasham sud binosida ‘Boysun omad qurilish’ mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 3 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish-montaj ishlari bajarildi, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudi raisi G‘. Ergashev. — Binoda ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar uchun mo‘ljallangan alohida uch sud zali, xodimlar va fuqarolarni qabul qilish xonalari mavjud”.
Izoh (0)