“Sharshara” brendi ostida go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Gold Premium Product kompaniyasining Toshkent shahar Olmazor tumanidagi sexidan boshqa go‘sht turlariga qo‘shib yuborilgan 69,6 kilogramm eshak go‘shti topildi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi axborot surati tarqalgan, “Kun.uz” manbasi bu haqdagi xabarni tasdiqlagan.

Hodisa haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan axborot surati.
Foto: Telegram

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar Sh.Rajabov hamda G‘.Otajonov xorazmlik S.Jabborov orqali 69,6 kilogramm eshak go‘shtini “Sharshara” go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasiga o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Bu ishni bajarish uchun go‘sht A.Achilovga yetkazib berilgan.

Go‘shtni qabul qilib olgan sex ishchilari — N.Zuhurov va R.G‘ulomqodirov uni o‘sha zahoti boshqa turdagi go‘shtlarga qo‘shib yuborgan. Ijtimoiy tarmoqlarda surati tarqalgan axborotda ta’kidlanishicha, Achilov yo‘l haqi sifatida Jabborovga 100 ming so‘m bergan vaqti ushlangan.

Sex ko‘zdan kechirilganda, ko‘rinishi va hididan sifatsiz mahsulotga aylangan 275 kilogramm go‘sht mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi axborotiga ko‘ra, korxonadan olib qo‘yilgan 275 kilogramm go‘sht haqiqatan ham iste’molga yaroqsizligi ekspertiza xulosasi orqali tasdiqlangan.

Xabar berishlaricha, mazkur holat yuzasidan 21-noyabr kuni sex ishchilari R.G‘ulomqodirov, N.Zuhurov, fuqarolar A.Achilov, S.Jabborov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksi 186-moddasi 1-qismi (iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.