Sayyorashunoslar Marsning shimoliy yarimsharida yirik muz qatlamlari va erigan suvlar oqimining izlarini aniqladi. Suv oqimlari Yerda dinozavrlar yashagan erada yuzaga kelgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Buyuk Britaniyadagi ochiq universitet olimi Franses Butcherning aytishicha, Mars yuzasida o‘rtacha harorat Selsiy shkalasi bo‘yicha 55 daraja sovuqdan ko‘tarilmaydi. Kuzatuvlarga ko‘ra, vulqonlarning yerosti faolligi va muzliklarning to‘qnashuvi yaqin o‘tmishda muzlarning bir qismi erishi uchun qulay sharoit yaratgan bo‘lishi mumkin.

So‘nggi yillarda olimlar Mars yuzasida uzoq o‘tmishda daryolar, ko‘llar va okeanlar mavjud bo‘lganiga ishora qiluvchi belgilarni topgan. Boshqa tomondan, sayyorashunoslarning bir qismi Marsda qadimda doimiy okeanlar mavjud bo‘lishi uchun juda sovuqlik qilgan va suv faqat vulqonlar otilishidan keyingina suyuq holda bo‘lgan, deb hisoblaydi.

Marsda kuchli sunamilar izlarining topilishi, shuningdek, uning geologiyasi bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar olimlarni suyuq suv Marsda har doim ham emas, balki unga meteoritlar hujum qilganda yoki vulqonlar uyg‘onganda mavjud bo‘lgan, deb o‘ylashga majbur qiladi. Erigan suvlarning oqimlari Marsning yuzasida ulkan kanallar qazigan va yuz ming va millionlab yillar davomida muzlamagan vaqtinchalik okean va ko‘llarni hosil qilgan bo‘lishi mumkin.