Smartfonlar bozorini tadqiq qilish shuni ko‘rsatadiki, uning asosiy ulushini bor-yo‘g‘i uchta kompaniya — Samsung, Apple va Huawei bo‘lishib oladi. Qolganlar qoldiqlar bilan kifoyalanishiga to‘g‘ri keladi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.

Foto: Hi-Tech Mail.Ru

O‘tgan chorakda Samsung qariyb 13 milliard dollar, Apple 11 milliard dollarga yaqin daromadi haqida ma’lum qildi, Huawei’ning daromadi esa buning yarmiga teng, xolos. Shunisi qiziqki, deyiladi xabarda, ishlab chiqaruvchilar o‘z smartfonlariga qo‘yadigan ustama narx teskari tartibda joylashgan.

Yaqinda chop etilgan grafikka ko‘ra, Huawei mahsulotlarining marjinalligi Apple’niki bilan deyarli bir xil darajada turadi (hatto ba’zan oshib ham ketadi). Samsung esa ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ularning ikkalasidan ham ancha ortda qolmoqda.

Huawei’ning flagman qurilmalari o‘z xususiyatlari bo‘yicha ham, narxi bo‘yicha ham tez yuqoriladi va 600 dollarga yetdi. Shu tariqa, kompaniya xuddi Apple kabi 42 foizlik marja (tannarx va sotish narxi o‘rtasidagi farq)ga kelib qoldi.

Samsung ularning fonida ancha “saxiy” bo‘lib ko‘rinadi, bozor ham bunga ijobiy munosabat ko‘rsatib, kompaniyaga ko‘p yillardan buyon eng yuqori savdo ko‘rsatkichlarini saqlab qolish imkonini bermoqda.