Uber kompaniyasi 2016-yil oktabrida xakerlar uning serverlaridan 50 million mijoz va 7 million haydovchining ma’lumotlarini o‘g‘irlaganini e’lon qildi. Shu bilan bir paytda ushbu voqea surishtiruvi bilan shug‘ullangan kompaniya xavfsizlik xizmati rahbari Jo Sallivan ishdan bo‘shatilgani ma’lum qilindi, deb xabar beradi Meduza.
Uber mavjud qonunlarga zid ravishda 2016-yili xakerlik hujumi haqida rasmiylarga ham, haydovchilarga ham xabar bermagan. Buning o‘rniga Uber xakerlarga 100 ming dollar to‘lab, ulardan voqea haqida jim yurishni talab qilgan. Xakerlarning shaxslari oshkor qilinmayapti.
O‘g‘irlangan massivda mijozlarning ism-familiyasi, elektron pochta manzillari va telefon raqamlari bor edi. To‘lov axborotiga dahl qilinmagan edi.
Bu e’londan so‘ng Nyu-York prokurori Erik Shneyderman tergov boshladi. Shu bilan bir paytda mijozlar Uber’ni sudga berdi.
Izoh (0)