Aktyor Shuhrat Nuraliyev chuqur koma holatida, uning vafot etgani haqidagi xabarlar asossiz. Bu haqda aktyorning ukasi Davron Nuraliyev jurnalist Feruz Muhammadga ma’lum qildi.

Foto: “Kino-teatr.ru”

Davron Nuraliyevning so‘zlariga ko‘ra, qandli diabet kasalligidan aziyat chekib kelgan akasi Shuhrat Nuraliyev ayni vaqtda Endokrinologiya institutida chuqur koma holatida yotibdi.

“Akamning vafot etgani haqida tarqalgan xabarlar asossiz”, — deydi Davron Nuraliyev.

Avvalroq bir qator internet-nashrlarda 37 yoshli aktyor Shuhrat Nuraliyevning vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, Shuhrat Nuraliyev O‘zbek milliy drama teatri va kinodagi qator rollari bilan tanilgan. Xususan, “Osmondagi bolalar”, “Devona”, “Ulfatlar-2”, “Yangi boy”, “Sevginator-2”, “Zarb” filmlaridagi rollari uni ayniqsa mashhur qilgan.

Shuhrat Nuraliyev kinorejissor sifatida bir qancha filmlarni suratga olgan, so‘nggi vaqtlarda esa xususiy teatrda bosh rejissor sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.