Zimbabve parlamenti spikeri mamlakatni 37 yil davomida boshqarib kelgan prezident Robert Mugabe iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Spiker Jeykob Mudenda Zimbabve parlamenti a’zolariga Robert Mugabening maktubini o‘qib eshittirdi, unda prezident “zudlik bilan va ixtiyoriy ravishda” iste’foga chiqayotganini ma’lum qilgan.
Buni eshitgan parlament a’zolari qarsak chalib, raqsga tusha boshladi, deb yozadi Associated Press. Poytaxt Xarare ko‘chalaridagi odamlar ham Mugabening iste’fosini tantana qilmoqda.
https://twitter.com/Chriseldalewis/status/933002029953404929
Jeykob Mudendaning ma’lum qilishicha, mamlakatning yangi prezidenti ismi 22-noyabr kuni ma’lum qilinadi. Bu haqda Zimbabvening The Herald nashri xabar bermoqda. Mamlakatda hukmron “Zimbabvening Afrika milliy ittifoqi — Vatanparvarlik fronti” partiyasidagi ismi oshkor etilmagan manbaning Associated Press’ga ma’lum qilishicha, katta ehtimol bilan, sobiq vitse-prezident Emmerson Mnangagva Zimbabve davlat rahbariga aylanadi.
Mavzuga doir: Robert Mugabe — uy qamog‘ida, uning xotini esa qochdi. Zimbabveda hokimiyatni harbiylar qo‘lga oldi; Hamma Robert Mugabeni gapirmoqda. U haqda nimalarni bilish kerak?
Harbiylar 15-noyabr voqealarini harbiy to‘ntarish sifatida baholamaslikni so‘radi. Ular Robert Mugabeni iste’foga chiqishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, biroq 93 yoshli prezident, davlat va hukumat rahbari sifatidagi maqomi har qanday shubhadan xoli ekanini aytib, harbiylar talabini rad etdi. Shundan so‘ng Mugabe hukmron partiya yetakchisi lavozimidan chetlatildi, 21-noyabr kuni esa parlamentda unga nisbatan impichment qo‘llash bo‘yicha jarayon boshlandi. Mugabening iste’fo haqidagi bayonotidan so‘ng, bu jarayon bekor qilindi.
93 yoshli Mugabe 1980-yildan beri Zimbabvega rahbarlik qilib kelayotgan edi. U sayyoradagi eng keksa davlat rahbari va Afrikadagi eng uzoq vaqt davomida hukmronlik qilayotgan prezidentlardan biri. Mugabe hokimiyat tepasiga Zimbabve mustaqillik urushi qahramonlaridan biri sifatida kelgan. Uning 37 yillik hukmronligi davrida mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqdi, o‘zi esa jahondagi eng taniqli diktatorlardan biriga aylandi.
Izoh (0)