15-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

Yig‘ilish davomida Prezident AQShning Nyu-York shahrida terakt sodir etgan O‘zbekiston fuqarosi — Sayfullo Soipov haqida ham fikr bildirdi. Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Suriya, Iroq, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat va umuman xalqaro miqyosdagi radikallashuv jarayoni xavotirga sabab bo‘lmay qolmaydi.

O‘zbekiston fuqarosi AQShga borib, terakt sodir etdi. Bunday voqealar boshqa joylarda ham bo‘lyapti. Shuncha masjidlar nega ishlab turibdi? Masjidga borib ibodat qilgan insonning dunyoqarashi o‘zgarishi kerak. Dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarni inobatga olgan holda, nafaqat ichki ishlar idoralari xodimlari, balki butun elimiz bilan jinoyatlarga qarshi turishimiz kerak. Biror fuqaromiz, biror farzandimiz qayerda, nega chetda yuribdi, deb savol qo‘yaylik.

Amerikada terakt sodir etgan fuqaro 2010-yilda ko‘chib ketgan bo‘lsa ham, ota-onasi O‘zbekistonda-ku! Qayerga qarayapmiz? Amerikadagi voqea bo‘yicha birorta odam, birorta ziyoli, birorta mahalla faoli, birorta nuroniy maqola yozib, munosabat bildirmadi-ya! “Bizning elimizga mansub emas u!”, — degan mazmunda. Qani mahalla? Qani nuroniy? Qani ziyoli? Masjidlarda imom-xatiblar bu masala bo‘yicha biror xulosa qilsa bo‘lardi-ku.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Eslatib o‘tamiz, kelib chiqishi o‘zbekistonlik 29 yoshli Sayfullo Soipov 31-oktabr kuni AQShning Nyu-York shahrida yengil yuk mashinasida piyodalarni bosib ketgan edi; terakt deb baholangan hodisa oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan. Soipov politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Dastlabki sud majlislarida u qilgan ishidan pushaymon emasligini bildirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur hodisa yuzasidan AQSh davlat rahbari Donald Trampga yo‘llagan ta’ziyanomasida “O‘zbekiston o‘z tomonidan mazkur terroristik aktni tergov qilishda ko‘maklashish uchun barcha kuch va vositalarni ishga solishga tayyor” ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda tug‘ilib, Moliya institutini tamomlagan Soipov “AQShga chiqib ketguni qadar jinoiy javobgarlikka tortilmagan, huquq-tartibot organlari nigohiga tushmagan”. “Toshkentdagi qo‘shnilari unga juda ijobiy tavsif bergan; u har doim o‘zini bosiq va do‘stona tutgan”, — deyiladi huquq-tartibot idoralari bayonotida.

Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomoning so‘zlariga ko‘ra, Soipov AQShga kelganidan so‘ng radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan. Uni bilgan AQShdagi o‘zbekistonliklarning aytishicha, Sayfullo “juda ham bosiq edi; tinimsiz ishlardi”.