Toshkentga Butunjahon Karate Federatsiyasi (World Karate Federation — WKF) prezidenti Antonio Espinoz tashrif buyurdi. Bunga qadar Espinoz Markaziy Osiyoda bo‘lmagandi, deb yozdi MOQ matbuot xizmati.

Foto: MOQ

Janob prezidentni poytaxtda MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov hamda tashkilot vitse-prezidenti Farhod Turdiyev kutib oldi. Espinozga safari davomida WKF vitse-prezidenti general-mayor Nosir Abdulrazzoq Ar-Razzoqiy, WKF Ijroqo‘mi a’zosi va bir vaqtning o‘zida Saudiya Arabistoni karatesi rahbari Ibrohim Muhammad Al-Gannas hamrohlik qilgan.

Foto: MOQ

Mehmonlar MOQ binosida joylashgan respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi bilan tanishtirilgach, WKF prezidenti Toshkentda Osiyo karate markazini ochish taklifini berdi. Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston karate eng rivojlangan mamlakat hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston Karate Milliy Federatsiyasi prezidenti Alamjon Mullayev amalga oshirayotgan ishlar ham jahon e’tiborida turibdi.

Foto: MOQ

Foto: MOQ

MOQ bosh kotibi Oybek Qosimovning aytishicha, O‘zbekistonda ayni vaqtda 50 mingdan ziyod yoshlar karate bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Sondagi bu ko‘rsatkich sifatga ham ta’sir o‘tkazib, o‘zbekistonlik sportchilarning xalqaro maydondagi obro‘si o‘sib borayotganiga urg‘u berildi.

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Karate sport turi bunga qadar Olimpiada o‘yinlari tasnifiga kiritilmagandi. U Tokio—2020 Olimpiadasidan boshlab katta sahnaga chiqadi. Sababi, karatening vatani aynan Yaponiya hisoblanadi.

Olimpiadada karate musobaqalari 6 ta vazn toifasida o‘tkaziladi. Shularning 3 tasi erkaklarga va 3 tasi ayollarga tegishli. Kata uchun esa alohida 2 vazn ajratilgan, demak, jami 8 ta vazn. Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi boshlanishiga karatechilar uchun 80 ta kvota ajratgan, ya’ni, har bir vazn toifasi uchun 10 tadan sportchi. Ko‘rinib turibdiki, Olimpiadaga yo‘llanma olish oson bo‘lmaydi.

WKF’ning Tokio—2020 Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnirlari 2018-yilning aprel va may oylaridan start oladi hamda 2 yil davomida eng yaxshilar saralanadi.
Butunjahon Karate Federatsiyasiga 192 mamlakat a’zo hisoblanadi. Tashkilot shtab-kvartirasi Ispaniya poytaxti Madrid shahrida joylashgan.

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Foto: MOQ