O‘zbekiston maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin Janubiy Koreyada qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Agrippina Shin. Foto: “Gazeta.uz”

Nashrga bergan intervyusida vazir maktabgacha ta’lim tizimini zamonaviy asosga qurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston uchun Janubiy Koreyaning bu yo‘nalishdagi tajribasi muhim bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

“Maktabgacha ta’lim vazirligi — mutlaqo yangi idora, biz ishni noldan boshladik, va biz uchun chet el, shu jumladan, Janubiy Koreya tajribasi muhim”, — dedi Agrippina Shin.

“Bu yerda biz bolaning erta rivojlanishining barcha aspektlari alohida e’tibor va nazorat ostidaligini ko‘rdik. Asosiysi — munosabat, bolaga mehr. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bola rivojlanishi va uning xavfsizligi uchun hamma ish amalga oshirilgan. Ayniqsa inklyuziv ta’limga bo‘lgan e’tiborni qayd qilmoqchiman”, — qo‘shimcha qildi vazir.

Uning ta’kidlashicha, ikki tomon ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifidan ko‘p narsa kutmoqda.

Bundan tashqari, Shin xonimning xabar berishicha, bolalarning rivojlanish sharoitlarini yaxshilash maqsadida 22-noyabr kuni Seulda O‘zbekistonga 2 mingta pianino beg‘araz asosda topshirilishi borasida kelishuv imzolanishi kutilmoqda.