Amerikalik xonanda Beyonse yilning eng ko‘p pul ishlagan ayol qo‘shiqchilari reytingida yetakchilik qildi, deb yozadi “RBK” Forbes’ga tayanib.

Foto: UzReport

Nashr versiyasiga ko‘ra, uning daromadi 105 million dollarni tashkil qilgan. Ushbu summaga Lemonade albomi sotuvidan, shuningdek, konsert turidan tushgan mablag‘lar kiradi.

Reytingning ikkinchi pog‘onasini britaniyalik qo‘shiqchi Adel egalladi, uning daromadi 69 million dollarga teng bo‘ldi. Amerikalik xonanda Teylor Svift 44 million dollar bilan keyingi o‘rinda joylashdi.

Selin Dion, Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, 42 million dollar ishlab topdi va shu tariqa, reytingning to‘rtinchi pog‘onasini band etdi. Reytingning beshinchi pog‘onasida Jennifer Lopez joylashdi (38 million dollar).

Reytingni tuzishda Forbes 2016-yilning 1-iyunidan 2017-yilning 1-iyunigacha bo‘lgan davr ma’lumotlaridan foydalandi.