O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakili, shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov Nyu-Yorkda terakt sodir etgan O‘zbekiston fuqarosi — Sayfullo Soipov haqida fikr bildirdi. Uning intervyusi “O‘zbekiston” telekanali “Tahlilnoma” dasturida e’lon qilindi.

Anvar qorining bu chiqishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilish bilan bog‘liq. Unda Prezident Nyu-Yorkda Sayfullo Soipov tomonidan sodir etilgan teraktga to‘xtalib, bu holat yuzasidan jamoatchilik vakillari, xususan, imom-xatiblar biror munosabat bildirmaganini tanqid ostiga olgan edi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining xorijda sodir etgan bu jinoyati uchun “biz ham o‘zimizni mas’ul sezishimiz kerak”. Ayni vaqtda, Anvar qori salkam 30 yashar Soipovning ota-onalariga murojaat qilib, “Ular nega farzandi nima qilayotganiga qiziqmaydi?”, deb savol qo‘ygan.

Muhtaram Prezidentimizning hammamiz uchun muhim bir so‘zlari bor: “Yo xiyonat, yo sadoqat!”. Vatanga xiyonat — ulug‘ gunoh. O‘zbek degan ulug‘ millatni ularga nisbat berish mumkin emas.

Nyu-Yorkda bo‘lgan, nobakor Soipov degan bolaning shunday jinoyatni qilishiga nima sabab bo‘ldi? Albatta, o‘zining nodonligi, ilmsizligi, xiyonatkorligi. Lekin, ayni paytda, biz ham o‘zimizni mas’ul sezishimiz kerak.

Bu farzand ketganiga olti-yetti yil bo‘lgan ekan. Ota-onalar: “Qayerda u, nima qilyapti? Kimlar bilan yuribdi?”, — deb nimaga qiziqmaydi? Mahalla nega qiziqmaydi? Imom-domlalar, biz-chi? Biz ham mas’ulmiz. Biz ham o‘zimizni gunohkor sezyapmiz.

Bizning dinimizda yaxshilikka chaqirish, yomonlikdan to‘xtatish — farz. Shu farzni bajarmagan odam qattiq gunohkor bo‘ladi. Shunday ekan, yoshlarni jinoyatchilikdan qaytaraylik.

Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Sayfullo Soipov 31-oktabr kuni AQShning Nyu-York shahrida yengil yuk mashinasida piyodalarni bosib ketgan edi; terakt deb baholangan hodisa oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan. Politsiya tomonidan qo‘lga olingan Soipov qilgan ishidan pushaymon emasligini bildirgan.

Shavkat Mirziyoyev hodisa yuzasidan AQSh prezidenti Donald Trampga yo‘llagan ta’ziyanomasida “O‘zbekiston o‘z tomonidan mazkur terroristik aktni tergov qilishda ko‘maklashish uchun barcha kuch va vositalarni ishga solishga tayyor” ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda tug‘ilib, Moliya institutini tamomlagan Soipov “AQShga chiqib ketguni qadar jinoiy javobgarlikka tortilmagan, huquq-tartibot organlari nigohiga tushmagan”. Toshkentdagi qo‘shnilari unga juda ijobiy tavsif bergan; u har doim o‘zini bosiq va do‘stona tutgan.

Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomoning qayd etishicha, Soipov AQShga kelganidan so‘ng radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan. Uni bilgan AQShdagi o‘zbekistonliklarning aytishicha, Sayfullo “juda bosiq edi; tinimsiz ishlardi”.