Har dushanba yoki har 1-yanvardan yangi hayot boshlash jonga tegdi. Self-help (o‘z-o‘zini rivojlantirish) sohasida 150-200 dan ortiq kitob, son-sanoqsiz blogpost va maqolalar o‘qiganimdan so‘ng kishining o‘z ustida ishlashi bema’nilikdan boshqa narsa emasligiga oxiri amin bo‘ldim, deyiladi Sardor Salimning “Azon.uz” axborot-tahliliy portalida e’lon qilingan maqolasida.
“Sakkizoyoqqa o‘xshab paypaslagichlarimizni har tomonga uzatavermasdan, hayotdan tobora ko‘proq narsalarni talab qilavermasdan, aksincha, hayotimizni soddalashtirishimiz, uni ikkinchi darajali narsalardan tozalashimiz kerakmi, deyman. Qo‘shish emas, ayirishni o‘rganish kerak ekan. Hayotda bir necha tayanch ibodatlardan boshqa barchasi safsata va yolg‘on.
‘Qizlarni qanday o‘rash’ haqidagi kitoblarni o‘qish o‘rniga (munosib turmush o‘rtoq topish kabi yaxshi niyatda) munosib mo‘min bo‘lishga harakat qilish zarur. Chunki mo‘minda sodiqlik kabi ayollarga yoqadigan xislatlar bo‘ladi.
‘Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash’ haqida kitoblar o‘qish o‘rniga, hayotni ibodat atrofida qurish kerak. Shunda rejalashtirgan ishlaringiz o‘z-o‘zidan, ortiqcha qiyinchiliksiz amalga oshadi.
‘Qanday qilib u yoki bu salbiy odat va xislatlardan qutulish, motivatsiya (biron ishga ruhlanish), ishchanlik, sodiqlik kabi ijobiy odat va fazilatlarga ega bo‘lish mumkin?’ degan kitoblarni o‘qish o‘rniga, tom ma’noda musulmondek yashashga harakat qilish lozim.
Bizda mashhur Deyl Karnegi, Og Mandino kabi mualliflarning kitoblari haqiqiy musulmonga kerak emas. Toshkentga kelib, sodda odamlarning pulini shilib ketgan Radislav Gandapas kabi har xil marketing ‘guru’larining ruhlantiruvchi seminarlari ham ortiqcha.
‘Muutu qobla an tamuvtu – O‘limingizdan oldin o‘lingiz’ haqiqati yodda tursa, inson o‘zi uchun besamar, keraksiz, muhim bo‘lmagan, ortiqcha xatti-harakatlardan va albatta xarajatlardan qutular ekan. ‘Ko‘ngil tusagani’ning o‘rniga ‘Allohning istaganini’ qo‘ysa, kishi noo‘rin ambitsiyalardan, orzu-havasdan (va demak, frustratsiya – hafsala pir bo‘lishidan) xoli bo‘lar ekan. Tavakkal qilishni o‘rgansa, peshanasida bo‘lmaganining ketidan besamar yugurishdan ozod bo‘ladi. Va hokazo va hokazo.
Aytmoqchi bo‘lganim, o‘z-ustida ishlashni jihod bilan almashtirish kerak. (Jihod – tirik bomba bo‘lish emas. Bu iboraga asl ma’nosini qaytarish vaqti keldi.)
Bu gaplar ‘atiislarga" ham taalluqli. Faqat ateist, agnostik va boshqa bezorilar o‘z hayotini Allohga emas, o‘zidan kattaroq biror g‘oyaga bo‘ysundirishi, shu g‘oyaga butun joni bilan xizmat qilishi kerak.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hayotni munosib yashab o‘tkazish uchun ko‘p narsa kerak emas. Musulmon musulmoncha e’tiqod qilib, yashab, o‘tirib tursa va bir qancha tayanch ko‘nikmalarga amal qilsa (to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish, o‘ziga berilgan tomorqani iloji boricha professional tarzda parvarishlashi kabi), shuning o‘zi kifoya.
‘How to speak’, ‘How to memorize things’ kabi o‘ta xos mavzulardagi kitoblardan tashqari, self-help (o‘z-o‘zini rivojlantirish) janridagi kitoblarning 99 foizi keraksiz chiqitdir”, — deyiladi maqolada.
Izoh (0)