Xonanda Bahrom Nazarov 14—16-noyabr kunlari “Istiqlol” san’at saroyida “Intizor” deb nomlangan konsert dasturini taqdim etdi. Dasturda mehmon bo‘lgan jurnalist Feruz Muhammad o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: “Daryo”

Konsertni belgilangan vaqtidan 10—15 daqiqa kech boshlash so‘nggi yillarda barcha xonandalar ichida an’anaga aylangan. Bu an’anaga xonanda Bahrom Nazarov ham “sodiq qolib”, o‘z konsertini 12 daqiqa kech boshladi.

Birinchi bo‘lim

Dastur jurnalist Xayrulla Hamidovning Vatan haqidagi monologi va she’ri bilan boshlanib, xonandaning “O‘zbekiston — Vatanim manim” nomli yangi taronasi bilan davom etdi.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, birinchi bo‘limda, “Ayrildim”, “Xato qildim”, “Kulib dedi”, “Qanisan”, “Aksi qoldi”, “Qiza boq”, “Gapim bor” deb nomlangan taronalar kuylandi. Feruz qalamiga mansub “Kulib dedi”, Rauf Parfi qalamiga mansub she’r asosida “Xato qildim” deb nomlangan taronalar alohida e’tirofga munosibdir.

“Ayrildim”ning ukasi kuylandi

“Ko‘plab muxlislarimiz ‘Ayrildim’ga o‘xshagan yana bir qo‘shiq qiling, deya taklif berishar edi. “Aksi qoldi” nomli yangi taronamizni ‘Ayrildim’ning ukasi desa ham bo‘ladi”.

Foto: “Daryo”

Bahrom Nazarov shunday deya, mungli bir qo‘shiqni ilk bor muxlislariga kuylab berdi. Qo‘shiq ham, u kuylanayotganda sahnadagi katta monitorda ko‘rsatilgan fotolavhalar ham ajoyib chiqdi. Qo‘shiq davomli qarsaklar bilan kutib olindi.

“Ilk marotaba sahnaga chiqqanimda sholg‘omga aylanib qolgan edim”

Birinchi bo‘lim so‘nggida xonanda Bahrom Nazarov hali shogird maqomida ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. “O‘zim shogird bo‘lsam-da, bizga ham aka, ustoz deb yurgan ukalarimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, shogirdlarimiz bor. Shunday shogirdlarimizdan biri — Ozodbek Nazarbekovga nabira shogird bo‘ladi”, — deya shogirdi Shahzod Nazarovni sahnaga taklif qildi.

Foto: “Daryo”

Shogirdiga: “Hayajon kuchlimi”, deya savol bergan xonanda, “Men ham ilk marta ustozimning konsertida, sahnaga chiqqanimda, sholg‘omga aylanib qolishimga sal qolgan”, deya hazillashib qo‘ydi. Bahrom Nazarovning shogirdi “Men sensiz” nomli qo‘shiqni kuyladi.

Ikkinchi bo‘lim

Ikkinchi bo‘lim “Ayol” deb nomlangan sokin tarona bilan boshlandi. Xonanda ushbu qo‘shiqni aytish mobaynida bir dasta gulni muxlislarga sovg‘a ham qildi. Bahrom Nazarov “Lola, lola” deb nomlangan qo‘shig‘ini tojik tilida kuyladi. Tojikcha “Lola, lola”ga jajji raqqosa qizlar ajoyib raqs tayyorlashgani muxlislarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Foto: “Daryo”

Dasturda birorta shunchakiga, konsert uchun, repertuarni to‘ldirish uchun, qo‘l uchida tayyorlangan qo‘shiqni tinglamadik. Masalan, xonandaning “Sen onamga o‘xshaysan, hilol” deb nomlangan mungli, achchiq xotira hikoya qilingan taronasi va qo‘shiqqa mos suratlar jamlanmasi yig‘ilgan muxlislarning ko‘zini yoshlatdi.

Foto: “Daryo”

Nazarov “Bulbuldan bo‘lsin, bulbuldan!”, deya talab qilayotgan muxlislari uchun kuylanishi rejalashtirilmagan “Kechikish” nomli qo‘shiqni jonli kuylab berdi. Bizningcha, dasturda jonli kuylanishi lozim bo‘lgan qo‘shiqlar ko‘p edi, ammo Bahrom Nazarov har yili konsertida faqat bitta qo‘shiqni jonli kuylash bilan cheklanib qolmoqda. Ozgina vaqt, mablag‘ va mehnat bilan har yili, hech bo‘lmasa, 5—6 qo‘shiqni jonli kuylash mumkin.

Rivoyat o‘zgarib ketishiga sal qoldi...

Bahrom Nazarov ustozi, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning “Nega uchrashdik” nomli qo‘shig‘ini kuylash arafasida ustozlar haqida rivoyat aytarkan, yunon sarkardasi Iskandarning ustozi va otasining ismini adashtirib yuborishiga bir bahya qoldi. Biroq, kuchli hayajonini bosib olgan xonanda, keyinroq so‘zini to‘g‘rilab davom ettirdi.

Foto: “Daryo”

Ikkinchi bo‘limga xonandaning “Nahotki” taronasi yakun yasadi. Ushbu taronaga raqqosa Parizoda yakkaxonligida, ta’bir joiz bo‘lsa, takrorlanmas raqs ijro qilindi.

Foto: “Daryo”

Ha-ya, aytmoqchi, konsert dasturida qiziqchi Shukrullo Isroilov mehmon bo‘lib, yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Uchinchi bo‘lim

Uchinchi bo‘lim konsertga nomi berilgan, Ogahiy g‘azali asosida tayyorlangan ohanraboli “Intizor” taronasi bilan boshlandi. Xonandaning “Yomon ekan-da” deb nomlangan taronasi ham davomli qarsaklarga sabab bo‘ldi. Bu bo‘limda “Yo‘q-yo‘q”, “Jimbir” deb nomlangan yangi taronalar bilan bir qatorda turkcha “Rinna-rinna” deb nomlangan qo‘shiq ham kuylandi.

Foto: “Daryo”

“Pari-pari” deb nomlangan qo‘shiqni kuylab zalga tushgan xonanda barcha muxlislarni raqsga chorladi. “Dil-u jonimdasan” taronasini dasturning so‘nggi taronasi bo‘ldi. Shu qo‘shiqdan so‘ng Bahrom Nazarov: “Konsertimiz yoqqan bo‘lsa bir kishiga, yoqmagan bo‘lsa ming kishiga ayting”, degan so‘z bilan konsertga yakun yasadi.