Nigora Media Group prodyuserlik kompaniyasi rahbari Nigora Soim xonanda Arashni sudga berish uchun barcha hujjatlari tayyorligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, konsert bekor qilingani bois prodyuser 50 ming dollar atrofida zarar ko‘rdi, deb xabar beradi “Repost.uz”.

Foto: “Repost.uz”

“Kelishuvga ko‘ra, men Arash gonorarining 50 foizini oldindan to‘lagan edim, menda buni tasdiqlovchi bank hujjati bor. Bundan tashqari, men Arash jamoasining barcha 11 a’zosiga chiptalar yubordim, bu chiptalar hozir menda. Shunga qaramay, Arash kelmadi. Konsert bekor qilindi. Men muxlislarga chiptalarga sarflangan pulni qaytarishga majbur bo‘ldim. Natijada men 50 ming dollar atrofida zarar ko‘rdim. Hozir menda Arashni sudga berish uchun barcha hujjatlar tayyor, u ko‘rgan zararimni qoplaydi” — dedi Nigora Soim.

Arashning Toshkentdagi konserti 13-oktabr kuni bo‘lib o‘tishi lozim edi, keyinroq konsert muddati 31-oktabrga ko‘chirildi. Ammo bundan bir kun oldin Arash O‘zbekistonga kelishdan bosh tortdi, bunga o‘zbekistonlik tashkilotchilar majburiyatlarini bajarmaganini sabab qilib ko‘rsatdi.

“Ular va’da qilingan gonorarni to‘la hajmda to‘lamadi. Shuning uchun biz konsertni bekor qildik. Bizning birinchi guruhimiz Toshkentga 28-oktabr kuni uchishi lozim edi. Ammo bizga gonorar to‘la hajmda to‘lanmasa, biz jamoa a’zolariga konsert rejalashtirilgan mamlakatga borishni ruxsat etmaymiz”, — dedi xonandaning prodyuseri.