JCh—2018 ning qit’alararo pley-offida Avstraliya termasi Gondurasni mag‘lub etgach, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tarixiy natija qayd etdi. Bizdan ilk bor 5 ta mamlakat Jahon Chempionatida ishtirok etadi, deb yozdi OFK rasmiy sayti.

Foto: OFK

Avstraliya terma jamoasi JCh—2018 ning 31-chiptasini yutib oldi. Bu safargi qahramon Mile Yedinak

FIFA kvotalar ajratish masalasida 1998-yilga kelibgina Osiyoga qo‘shimcha imtiyoz berib, ishtirokchi mamlakatlar sonini 4 taga qadar yetkazgandi. Keyinroq esa kvota 4,5 ta qilib belgilandi.

Shu vaqtga qadar Osiyo o‘ziga tegishli 4 ta yo‘llanmani hal qilgan bo‘lsa, turli yillarda 5-yo‘llanma egasi bo‘lishi kutilgan mamlakatlar pley-off bosqichida muvaffaqiyatsiz ishtirok etib kelgan. 2017-yilgina kelibgina Avstraliya o‘sha yarimta yo‘llanmani butunga aylantira oldi.

2018-yil Rossiya maydonlarida Osiyo qit’asi sharafini Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Avstraliya himoya qiladi. 2026-yildan boshlab esa FIFA Osiyo qit’asiga 8 ta yo‘llanma ajratishni maqsad qilgan. Buning uchun Jahon Chempionatida ishtirokchi mamlakatlari soni yanada oshirilishi kerak bo‘ladi.

Foto: OFK