Rossiyada AQSh IShID jangarilari bilan kelishuv tuzgani haqida biror dalil yo‘q. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bayonot berdi, deb xabar qiladi “RBK”.
Oldinroq Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasi o‘tkazgan tekshiruvi natijalariga ko‘ra kurdlarning SDF tuzilmasi AQSh roziligi bilan 250 jangarini Raqqadan olib chiqib ketishni ta’minlaganini ma’lum qilgan edi.
Undan avval Suriyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi AQSh boshchiligidagi koalitsiya IShID terrorchilarining Raqqadan chekinishiga ko‘mak berganini bildirgan edi.
Shuningdek, Rossiya mudofaa vazirligi “Qo‘shma Shtatlar tomonidan IShIDning jangga qodir otryadlari ta’minlanayotganining rad etib bo‘lmas dalillari”ni e’lon qilgan edi. Ammo suratlardan biri AC-130 Gunship Simulator: Special Ops Squadron mobil o‘yinidan olingan skrinshot ekani ma’lum bo‘ldi. Matbuotda bu borada xabarlar chiqqanidan so‘ng Rossiya mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlardan ushbu suratlarni o‘chirib tashladi.
Birozdan so‘ng mudofaa vazirligi bunday axborotning chiqib ketishi bilan bog‘liq hodisa o‘rganilayotganini ma’lum qildi va, ta’kidlanishicha, “rad etib bo‘lmaydigan dalil” bo‘la oladigan boshqa suratlarni chop etdi.
O‘z navbatida, Turkiya rasmiylari ham BBC dalillari asosida bir necha marotaba AQSHning xatti-harakatlarini qoralab chiqdi (1, 2).
Pentagon ushbu ayblovlarni darhol rad etdi.
Jurnalistning shu masaladagi savoliga javob berarkan, Lavrov AQShning terrorchilar bilan til biriktirgani haqida dalillar yo‘qligini tan olgan holda, uning boshchiligidagi koalitsiya Rossiya aviatsiyasining Suriyada ishlashiga xalaqit berayotganini ta’kidladi:
“Suriya armiyasining IShIDni yo‘q qilish bo‘yicha Rossiya havo-kosmik kuchlari ko‘magidagi harakatlari qiyinlashtirildi, qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi”.
Izoh (0)