2017-yil 11-avgustdagi PQ-3200-son “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 11-noyabrdagi 904-son qarori bilan 2018–2024-yillarda jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. 2018–2022-yillarda jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlari ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va texnik jihatdan qayta jihozlash chora-tadbirlari;
38 ta jazoni ijro etish muassasasi bo‘yicha 2018–2022-yillarda ularning ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida 33 milliard so‘mga yaqin summa (shundan 2/3 qismi 2018–2019-yillarda) sarflanishi rejalashtirilgan. Amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida mahkumlar uchun 1317 ta ish o‘rni ochilishi, 1–2-smenada 2200 nafar mahkum uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilishi nazarda tutilmoqda.
2. Jazoni ijro etish muassasalarining budjet mablag‘lari hisobiga qoplanadigan kommunal xarajatlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqarish mablag‘lari hisobiga qoplash bo‘yicha 2019–2024-yillarga mo‘ljallangan prognoz rejasi;
3. Jazoni ijro etish muassasalarining xarajatlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqarish mablag‘lari hisobiga qoplash bo‘yicha 2020–2024-yillarga mo‘ljallangan prognoz rejasi (beshta jazoni ijro etish muassasasi bo‘yicha).
Shuningdek, hujjatda 77 nomdagi jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar ro‘yxati keltirilgan.
Hujjat 14-noyabrdan kuchga kirdi.
Izoh (0)