O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-noyabr kuni mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: Sputnik

Yig‘ilishda jinoyatchilikning oldini olishda eng muhim omillardan biri bo‘lgan ishsizlikni bartaraf etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev jinoyat sodir etganlarning 16 mingdan ziyodi yoki har to‘rtdan biri ishsiz ekanini qayd etdi.

Davlat rahbari bunday noxush holatni bartaraf etish uchun har bir sektor rahbari o‘ziga biriktirilgan hududlarda tadbirkorlik subyektlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, yangi ish o‘rinlarini barpo etishga ko‘maklashishi, fuqarolar bandligini ta’minlashga imkoniyat yaratish bo‘yicha aniq ishlarni amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi.

Muhokama qilingan yana bir dolzarb masala yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning bugungi kun talablariga javob bermasligidir. O‘tgan 10 oyda sodir etilgan 8 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi oqibatida 2031 fuqaro halok bo‘lib, 7622 nafari tan jarohati olgan. Bu hodisalarning asosiy sababi fuqarolarda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, avtotransport vositalarining yo‘llarda harakatlanishi uchun xavfsizlik choralarini ko‘rishda jiddiy muammolar mavjudligidadir.

Shuni inobatga olgan holda, mutasaddi rahbarlarga haydovchi va piyodalarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish, yo‘llarni harakat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasida xizmat intizomi va qonunchilikni kuchaytirish, ichki ishlar idoralari tarkibiga adashib kirib qolgan, mas’uliyatni to‘la anglamasdan, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘layotgan xodimlardan tozalash masalasi doimo dolzarb vazifadir. Shu nuqtai nazardan, ichki ishlar organlarining kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Prezident tashabbusi bilan har bir tumanda tuzilgan sektorlar faoliyati tahlil qilindi. Bundan buyon har bir sektor rahbari jinoyatchilikning holati uchun ham shaxsan javob berishi qayd etildi. Sektor rahbarlarining bu boradagi mas’uliyatini oshirish maqsadida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasini tuzish bo‘yicha topshiriq berildi.

Majlisda rahbarlar ma’naviyati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar — u vazir yoki hokim, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi, o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlandi.