JCh—2018 ga tashrif buyuruvchi Yevropaning barcha — 13 ta terma jamoasi nomi aniq bo‘ldi. Mezbon Rossiya bilan UEFA tasarrufidagi davlatlar soni mundialda 14 tani tashkil qiladi.

Foto: FotMob

Eng so‘nggi yo‘llanma Daniya termasiga nasib qildi. Kopengagenda Irlandiya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan daniyalik futbolchilar, Dublinda 5 ta gol urishga erishdi — 5:1. “Tottenhem” yetakchilaridan biri Kristian Eriksen irlandlar darvozasini uch bor aniq nishonga oldi.

Daniya JAR—2010 ga tashrif buyurgan bo‘lib, Braziliya mundialini qo‘yib yuborgandi. Irlandlar esa so‘nggi bor 2002-yilgi mundialda ishtirok etib, nimchorak finalga qadar yetib borgan. Germaniya, JAR, Braziliya va mana endi Rossiya mundiallari Irlandiyasiz o‘tadigan bo‘ldi.

Shu tariqa JCh—2018 da ishtirok etishi aniq bo‘lgan mamlakatlar soni 30 taga yetdi. So‘nggi ikki yo‘llanma Avstraliya — Gonduras va Peru — Yangi Zelandiya o‘yinlaridan keyin o‘z egalarini topadi.

JCh—2018

Pley-off

14-noyabr, seshanba

Irlandiya — Daniya 1:5

Gollar: Sheyn Daffi, 6 (1:0). Andreas Kristensen, 29 (1:1). Kristian Eriksen, 32 (1:2). Kristian Eriksen, 63 (1:3). Kristian Eriksen, 74 (1:4). Niklas Benntner, 90-pen (1:5).

Dastlabki o‘yin: 0:0

JCh—2018 chiptasini qo‘lga kiritgan mamlakatlar: Rossiya, Braziliya, Eron, Yaponiya, Meksika, Belgiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Angliya, Ispaniya, Nigeriya, Kosta-Rika, Polsha, Misr, Islandiya, Serbiya, Portugaliya, Fransiya, Urugvay, Argentina, Kolumbiya, Panama, Senegal, Marokash, Tunis, Shveysariya, Xorvatiya, Shvetsiya, Daniya.