Avstraliya milliy terma jamoasi 2018-yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatida ishtirok etadi. Shu tariqa mundialda Osiyodan 5 ta terma jamoa qatnashadi: Eron, Yaponiya, Saudiya, Janubiy Koreya va Avstraliya.

Foto: Google Images

Pley-offning dastlabki o‘yinini Gondurasda o‘tkazgan yashil qit’a termasi 0:0 hisobidagi durang natijaga imzo chekkandi. Tomonlarning Sidneyda bo‘lib o‘tgan javob o‘yinida Avstraliya 3:1 hisobida zafar quchdi. Bellashuvdagi mezbonlarning har uchala goli “Aston Villa” a’zosi Mile Yedinak tomonidan urildi.

33 yoshli futbolchi shu tariqa qit’alararo pley-offda Avstraliya qahramoniga aylandi. Osiyo pley-offida Suriya postiga 2 ta gol urgan Tim Kexill qahramon bo‘lgandi.

Avstraliya Suriyani teng o‘ynab, taslim qila olmadi. “Sokkeruz”ga o‘zbekistonlik hakam “yordam berdi”

JCh—2018

Pley-off

15-noyabr, chorshanba

Avstraliya — Gonduras 3:1

Gollar: Mile Yedinak, 53 (1:0). Mile Yedinak, 72-pen (2:0). Mile Yedinak, 86 (3:0). Figeroa, 94+ (3:1).

Dastlabki o‘yin: 0:0

Avstraliya bilan JCh ishtirokchilari soni 31 taga yetdi. So‘nggi chipta egasi ertaga o‘tadigan Peru — Yangi Zelandiya o‘yinidan keyin o‘z egasini topadi.

Foto: Google Images

JCh—2018 chiptasini qo‘lga kiritgan mamlakatlar: Rossiya, Braziliya, Eron, Yaponiya, Meksika, Belgiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Angliya, Ispaniya, Nigeriya, Kosta-Rika, Polsha, Misr, Islandiya, Serbiya, Portugaliya, Fransiya, Urugvay, Argentina, Kolumbiya, Panama, Senegal, Marokash, Tunis, Shveysariya, Xorvatiya, Shvetsiya, Daniya, Avstraliya.