AQSh Adliya vazirligi Rossiyaning “Rosatom” konserniga Uranium One kompaniyasining sotilishi hamda Klintonlar jamg‘armasiga qilingan xayriyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Bu haqda, The New York Times nashriga asoslanib, Meduza xabar bermoqda.

Foto: The Boston Globe

Adliya vazirligining AQSh Kongressi yuridik qo‘mitasiga yuborgan maktubida ta’kidlanishicha, tekshiruv yakunlariga ko‘ra tergov o‘tkazish-o‘tkazmaslik masalasi hal bo‘ladi.

2009-yili “Rosatom” AQSh uran konlarini nazorat qiluvchi Uranium One kompaniyasiga hissador sifatida qo‘shildi, 2013-yili esa uning yagona egasiga aylandi. Mahalliy matbuotda aytilishicha, shu kelishuvlar davrida Klintonlar jamg‘armasiga uran kompaniyasi bilan bog‘liq biznesmenlarning yirik miqdordagi xayriya mablag‘lari kelib tushgan.

Noyabr oyining boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Adliya vazirligi uran kelishuvini taftish qilmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytib o‘tgan edi. Yuridik qo‘mitaga yo‘llangan maktub bosh prokuror Jeff Seshnsning davlat rahbari bergan bayonotga javobi sifatida baholanmoqda.