Shveysariya va Xorvatiya termalari kelasi yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatida ishtirok etadi. Kecha — 12-noyabr kuni ular missiyani hal qildi.

Foto: Getty Images

Xorvatiya va Shveysariya JCh-2018 yo‘lida Gretsiya va Shimoliy Irlandiyani mag‘lub etdi

Yevropa saralash bosqichida Xorvatiya termasi Islandiyani o‘tkazib yuborib, o‘zi pley-offga qolib ketgandi. Unda Xorvatlar Gretsiya bilan to‘qnash keldi. Uch kun oldin tomonlarning Zagrebda o‘tgan ilk o‘yinida Xorvatiya 4:1 hisobida zafar quchgandi. Tomonlarning Pirey shahrida o‘tgan javob o‘yinida golsiz durang qayd etildi.

Gretsiya terma jamoasi JAR—2010 va Braziliya—2014 mundiallarida ishtirok etishning uddasidan chiqqandi. Endi yunonlar Rossiya mundiali uchun kurashdan rasman chiqib ketdi.

Xorvatiya bilan bir kunda o‘tgan o‘yindan keyin Shveysariya termasi bayram qildi. Shimoliy Irlandiya maydonidan 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan jamoa, o‘z uyida 0:0 hisobida durang o‘ynadi va Rossiya—2018 chiptasiga ega chiqdi.

Shveysariya saralashda Portugaliya bilan bir guruhdan joy olib, 10 ta o‘yinning 9 tasida zafar quchgan va faqatgina 1 tasida imkoniyatni boy bergandi. To‘plar nisbatiga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu jamoadoshlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiptani qo‘lga kiritgandi.

JCh—2018

Pley-off

12-noyabr, yakshanba

Shveysariya — Shimoliy Irlandiya 0:0

Dastlabki o‘yin: 1:0

Gretsiya — Xorvatiya 0:0

Dastlabki o‘yin: 1:4

13-noyabr, dushanba

Italiya — Shvetsiya (0:1)

14-noyabr, seshanba

Irlandiya — Daniya (0:0)

JCh—2018 chiptasini rasman qo‘lga kiritgan mamlakatlar soni 28 taga yetdi. Yevropa bu raqamlarga yana 2 ta qo‘shib beradi. Bu borada Italiya Shvetsiya bilan raqobat qilayotgan bo‘lsa, Daniya va Irlandiya o‘zaro kurash olib bormoqda. Yana 2 ta yo‘llanma qit’alararo pley-offdan keyin ma’lum bo‘ladi.

JCh—2018 chiptasini qo‘lga kiritgan mamlakatlar: Rossiya, Braziliya, Eron, Yaponiya, Meksika, Belgiya, Janubiy Koreya, Saudiya, Germaniya, Angliya, Ispaniya, Nigeriya, Kosta-Rika, Polsha, Misr, Islandiya, Serbiya, Portugaliya, Fransiya, Urugvay, Argentina, Kolumbiya, Panama, Senegal, Marokash, Tunis, Shveysariya, Xorvatiya.