11-noyabr kuni Yoshlar press-klubi zalida Yosh kinoijodkorlar kengashining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ma’lum qildi.
Marosimda kengash tomonidan bugungacha qilingan ishlar hisoboti berilib, istiqboldagi loyihalar keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillariga taqdim etildi.
Tadbir avvalida “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov, Yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov, Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi Oybek Abdushukurov so‘zga chiqib, bugungi o‘zbek kinosidagi yangilanishlar haqida aytib o‘tildi.
Taqdimot marosimida kengashning eng yirik loyihasi bo‘lgan Art House haqida ma’lumot berilib, loyihaning birinchi faslida faoliyat olib boradigan rejissyorlar Jahongir Qosimov, Rashid Malikov, Rustam Sa’diyev, Yolqin To‘ychiyev, Ayub Shahobiddinov sahnaga taklif etildi.
Ular loyihaning ahamiyati haqida gapirib, yosh kinoijodkorlarga o‘zlarining aktyor, operator, dramaturglardan iborat bo‘lgan guruhlarini tanishtirib o‘tdi.
Yosh nomlar, g‘oyalar, iste’dodlarni kashf etishga, “Ustoz va shogird” an’analarini rivojlantirishga qaratilgan mazkur loyihaning yilning eng shovshuvli loyihasi bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, tadbirdan Kengash tomonidan suratga olinishi rejalashtirilayotgan “Gildiya” tok-shousi, tashkilot sayti hamda PROlogue yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari festivalidan o‘rin olgan pitching-taqdimoti o‘rin oldi.
Izoh (0)