Xabarda vafot etganlarning yoshi keltirilmagan, biroq ular “yosh qizaloqlar” deb ta’riflangan. Ular qiyma kabob tanovul qilganidan so‘ng, qornida paydo bo‘lgan og‘riqdan shikoyat qilgan. Og‘riq qoldiruvchi dori iste’molidan keyin esa ularning ahvoli og‘irlashgan.
“Ulardan birining joni ‘tez yordam’ mashinasida uziladi. Qolgan ikki qizning ham ahvoli og‘irligi sabab, ular yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jo‘natilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ular ham birin-ketin vafot etgan”, — deb yozadi internet-nashr.
Qizlarning aynan nima sababdan vafot etgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ular dori yoki iste’mol qilingan taomdan zaharlangani taxmin qilinmoqda. Xabar berishlaricha, Olmazor tuman prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi ochgan.
Mazkur hodisa yuzasidan hozircha biror rasmiy axborot berilganicha yo‘q. “Kun.uz”ning qayd etishicha, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimi bu ish bo‘yicha ma’lumot berishdan bosh tortgan, Sog‘liqni saqlash vazirligi esa aniq ma’lumot bermagan.