O‘zbekiston Prezidenti Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqida, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda kooperatsiyani mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish — munosib kelajakni ta’minlash uchun bugungi kunda bajarilishi kerak bo‘lgan birinchi ish ekanligini ta’kidladi.
“Mintaqaviy iqtisodiy forumni tashkil etish bu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘lishi mumkin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Bundan tashqari O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlarining hududlar rahbarlari (hokimlari) biznes hamjamiyatining assotsiatsiyasini ta’sis etishni taklif qildi:
Bu o‘rinda gap biznes hamjamiyatlari o‘rtasida bevosita muloqot va o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va innovatsion hamkorlik borasidagi aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish haqida bormoqda.Bizning mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda yetakchi korxonalar vakillari bilan bir necha bor o‘tkazgan uchrashuvlarimiz iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi.
Masalan, yil boshidan buyon O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 20 foizga, ayrim davlatlar bilan esa qariyb 70 foizga o‘sdi.
Mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo davlatlarining hududlar rahbarlari (hokimlari) biznes hamjamiyatining assotsiatsiyasini ta’sis etishni taklif qilaman.
BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi samarali kooperatsiya aloqalari 10 yil mobaynida mintaqaviy yalpi ichki mahsulotni kamida ikki barobar oshirish imkonini bergan bo‘lar edi.
Ushbu mexanizmlar butun Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta’minlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini to‘la ishga solish imkonini berishiga ishonaman.