O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etgan Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy yil sentabr oyida Ostona shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv samaralari O‘zbekiston — Eron munosabatlarining faollashuviga xizmat qilgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
O‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli sohalarida kooperatsiyani mustahkamlash, mintaqada samarali transport-kommunikatsiya tarmog‘ini barpo etish belgilangan. O‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surishda hukumatlararo qo‘shma komissiya muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Eron tashqi ishlar vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning ezgu tilaklarini yetkazdi.