O‘FF majlislar zali bugun — 11-noyabr kuni Oliy Liga futbol klublari rahbarlarini o‘zida jamladi va ularni PFL rahbariyati bilan yuzlashtirdi, deb yozdi tashkilot matbuot xizmati.

Foto: O‘FF

Bunda Oliy Liga futbol klublarini litsenziyadan o‘tkazish masalasi kun tartibida bo‘lgan. PFL 2018-yil ularning oldiga qanday talablarni qo‘yayotgani borasida ma’lumot bergan. Talablar quyidagicha:

  • Oliy Liganing har bir klubi barcha sharoitlarga ega futbol maktabiga ega bo‘lishi shart;
  • Futbol maktabida kamida 4 ta yoshdagi jamoa bo‘lishi shart (U10, U14, U16, U18);
  • Oliy Liganing har bir klubida alohida ayollar va alohida futzal jamoasi bo‘lishi shart;
  • Oliy Liga klubi OAV, xavfsizlik va muxlislar uchun barcha sharoitni yaratishi shart.

PFL bosh direktori Omon G‘ofurov yuqoridagi talablarni bajara olmaganlarga litsenziya berilmasligini qayd etdi va uni ola bilmaganlar Oliy Ligadan chetlashtirilishi haqida aytib o‘tdi. Endilikda Oliy Liganing har bir klubi talablar qanday bajarilayotgani borasida har 10 kunda PFLga hisobot jo‘natib turadi.

PFL o‘tkazgan majlisda aynan qaysi klublar rahbarlari, rahbar bo‘lganida ham aynan kimlar ishtirok etgani masalasiga oydinlik kiritilmagan. Xususan, Oliy Liga bilan xayrlashib ulgurgan “Neftchi” va “Sho‘rtan” rahbariyati ham majlisda bor yoki yo‘qligi masalasi ochiqlanmagan.