AQShning Dartmut kolleji tadqiqotchisi Mark Laydr 2016-yilning yanvar oyidan mart oyigacha Hind okeanidagi Chagos arxipelagida qisqichbaqasimonlarning hayotini o‘rgandi. Bir kun tunda olim sekinlik bilan daraxtga chiqib ketayotgan palma o‘g‘risini (Birgus latro) ko‘rib qolgan. Birozdan so‘ng qisqichbaqa o‘z inida uxlayotgan dengiz qushiga hujum qilgan. Bu haqda TJournal xabar berdi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Laydr birinchi bo‘lib mazkur turdagi qisqichbaqasimonlarning bunday katta o‘ljani ovlaganiga guvoh bo‘lgan. Olimning qayd etishicha, birinchi hujumdan so‘ng palma o‘g‘risi qush uchib keta olmasligi uchun uning qanotini sindirgan. Shundan so‘ng qonning hidini sezib, mazkur turning yana beshta vakili yetib kelgan. Ular o‘ljaga tashlanib, uni yeb qo‘ygan.
Tadqiqotchi palma o‘g‘rilari inlarining kirish qismini kuzatuvchi kameralar o‘rnatishni rejalashtirmoqda. U krablar qushlarni qanchalik ko‘p ovlashini va o‘zi bilan qanday o‘lja olib kelishini aniqlamoqchi.