Xalqaro press klubning navbatdagi yig‘ilishi afsonaviy fazogir-uchuvchi, ikki marotaba sobiq Ittifoq qahramoni, aviatsiya general-mayori Vladimir Jonibekov ishtirokida press-qahva shaklida bo‘lib o‘tdi. Jurnalistlar bilan suhbatda Vladimir Aleksandrovich fazodagi tajribalari, o‘zga sayyoraliklar, orzusi haqida so‘zlab berdi, deb yozadi UZ24.

Foto: UZ24

Bolalikdagi orzuim

Bolalikda yoshi mendan kattaroq Valentin ismli bir do‘stim bor edi. U maktabga borardi, dars qilayotgan vaqtida uni yonida o‘tirardim, shu tariqa yozishni, chizishni o‘rganib olganman. Bobomga birinchi xatimni yozganimda 6 yoshda edim. Shu do‘stim uchuvchi bo‘lishni orzu qilardi. U bilan bizning uyimiz aerodrom yaqinida joylashgandi. Ikkimiz birgalikda u yerga ko‘p borardik. Bir kuni o‘t o‘chiruvchilar biz bolakaylarni ko‘rib, yonimizga kelishdi-da, “katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?” deb avval do‘stimdan so‘rashdi. Do‘stim “men uchuvchi bo‘laman”, dedi. Keyin mendan so‘rashdi, men ham darrov gavdamni tik tutdim-da, “uchuvchi bo‘laman”, dedim. Shu tariqa men uchuvchi bo‘ldim. 15 yoshga kirganimda ilk bora samoga sun’iy yo‘ldosh uchirildi. Shu ondayoq menda koinotga uchish orzusi paydo bo‘lgandi.

Foto: UZ24

Otam va vijdonim

Yaqinda otam 100 yoshni qarshi oldi. Bu qutlug‘ sana munosabati bilan Toshkentga keldim. Bo‘stonliqdagi mo‘jazgina hovlimizda oila davrasida nishonladik. Otam birdaniga menga “sen vijdonli odammisan?” deb savol berib qoldi. Bu meni o‘ylantirib qo‘ydi, albatta. Menimcha, shu vaqtgacha bosib o‘tgan hayot yo‘limda vijdonimga qarshi hech qanday ish qilmadim.

“Fazoda paxta ekkanmiz”

Koinot bu — begona muhit, barcha jonzotlar uchun o‘ta og‘ir hayot. U yerda hamma narsa ham taxmin qilinganidek emas edi. Biz fazoda bir tajriba o‘tkazgan edik, bu — vaznsizlik holatida paxta yetishtirish amaliyoti edi. Buning uchun koinotga o‘zimiz bilan urug‘lik olib chiqdik. Urug‘lik O‘zbekistonda mashhur g‘o‘zaning ikki xil navlari edi. Bizga har ikki navdan 50 donadan berishdi, fazo stansiyasiga kirishimiz bilan uni ekishimiz kerak edi. Urug‘likni ekdik ham, lekin stansiyada harorat faqatgina +5,+7 daraja edi, bu esa o‘simlik o‘sishiga yetarli emasdi. Keyin illyuminator (kema darchasi)dan tushib turadigan ultrabinafsha nurlari yetadi deb taxmin qilishdi, biz qarshilik bildirmadik. Lekin illyuminatordan quyosh nuri doimiy tushmasdi. Shunga qaramay, urug‘lik o‘sdi, barg yozdi. Biz orbitada bo‘lgan sakkiz kunimiz mobaynida urug‘ni ekishimiz va nish urgan urug‘likni Yerga olib tushishimiz kerak edi. Shunday qildik ham, tuproqni yorib chiqqan 20 ta urug‘ni skafandrga ko‘ksimga solib, yuragimda saqlab olib tushdim, desam ham bo‘ladi. Yerga tushishimiz bilan paxta yetishtirish zavodidan vakillar yonimga yugurib kelishdi, urug‘larni so‘rab qo‘llarini cho‘zishdi. O‘shanda kuz oylari bo‘lishiga qaramay, ular urug‘larni ekishdi. Urug‘larning 20 tasidan 12 tasi omon qoldi. So‘ng ma’lum bo‘ldi-ki, bir navdan boshqa bir yangi nav hosil bo‘lgan ekan. Paxta tolasining uzunligi 78—80 millimetr edi (bungacha tolalarning rekord uzunligi 40—45 millimetr hisoblanardi). Sifati haqida esa aniq gap aytolmayman, lekin tola chindan ham ingichka emasdi. Yangi nav bardoshli bo‘lib chiqdi. Natijada, qo‘pol aytganda, bir yarim metrli, barglari va ko‘saklari bor tayoq hosil bo‘ldi. Yangi nav, shuningdek, sho‘r tuproqqa ham chidamli edi. Hozirda bu nav shimoliy hududlarda yetishtirilyapti.

O‘sha vaqtda koinotda bug‘doy ekish, undan hosil olish ham ko‘zlangan edi. Lekin bu ish o‘ylaganimizdan ko‘ra qiyinligi keyin ma’lum bo‘ldi.

Sharof Rashidov haqida

Sharof Rashidov serqirra, ochiqko‘ngil odam edi. Undagi sof insoniy qiziquvchanlik yoqardi, u bilan suhbatga kirishish oson va maroqli edi. Parvozdan kelishim bilan mashina yuborib, men bilan ko‘rishishga, choyxo‘rlik qilishga shoshardi. Kechagiday esimda, uning ish kabineti kichikkina, oddiy, me’moriy bezaklardan xoli edi. Xonada ish stoli, 2—3 ta yumshoq kursi, kichik stullar bo‘lardi xolos. Doim limonli choy, sharqona shirinliklar bilan mehmon qilardi.

Sharof Rashidovning ustaxonasiga ham ko‘p borardim. U she’rlar o‘qishni yaxshi ko‘rardi, mutolaa qilib berardi. U kishi bilan istalgan mavzuda – san’at, siyosat, Toshkent shahrini rivojlantirish haqida suhbatlashsa bo‘lardi va bu menga maroq bag‘ishlardi. Unga fazo odami qanday bo‘lishi, fazogirlar nimalarni his qilishi, nimalar haqida o‘ylashi, nimalarni ko‘rishi juda qiziq edi. Yana koinot O‘zbekistonga nima berishi mumkin, qanday imkoniyatlar bor, deb ko‘p so‘rardi.

Foto: UZ24

Do‘stim va tasviriy san’at

Do‘stim haykaltarosh Yakov Shapiro bilan meni qandaydir ichki rishtalar bog‘lab turadi, deb o‘ylayman. Usiz qalbim bo‘shab qolgandek bo‘ladi. U ijodkor odam. Uning barmoqlari bilan oddiy loyni silab-siypab bir shaklga keltirayotganini, san’at asari yaratayotganini ko‘rib, katta taassurot olganman. U o‘z ishiga yuqori professionallik bilan yondashardi. Shu jihatlarini juda hurmat qilaman.Uning bir odati bor: o‘z ishidan qoniqmaguncha ustaxonani tark etmaydi va shu bilan birga, qilayotgan ishini 1—2 yilga to‘xtatib qo‘yib, keyin yana qaytishi mumkin. Biz bir-birimizni so‘zlar bilan emas, qalban his qilamiz. Men buni Xudodan berilgan do‘stlik deb bilaman.

Tasviriy san’atga keladigan bo‘lsam, men o‘zimni avvalo texnik mutaxassis deb hisoblayman, meni ko‘proq fizikaning zamonaviy holati qiziqtiradi. Tasviriy san’at mening ichki olamimiga tegishli. Ba’zida asabiylashganda tinchlanish uchun chizaman. Lekin baribir o‘zimni rassom deb bilmayman.

O‘zga sayyoraliklar bormi?

Men koinotni o‘zga sayyoraliklarsiz tasavvur etolmayman. Kosmosga bo‘lgan qiziqishimni uyg‘otgan ilk o‘qigan kitobim ham o‘zga sayyoraliklar haqida edi. Bir safar Mo‘g‘uliston matbuotidan “O‘zga sayyoraliklar uchrab qolsa, nima qilardingiz?”, degan savol berishgandi. Men o‘shanda: “O‘zga sayyoraliklar menga xalaqit bergan bo‘lardi”, dedim. “Nega?”, deyishdi.

Shunda men: “Ularning tilini bilmayman, kamgap bo‘lganim uchun ularga Yer haqida so‘zlab berolmayman, shu uchun men bunday uchrashuv sodir bo‘lishini xohlamagan bo‘lardim”, deb javob berganman. Bu javobim hanuzgacha ham o‘zgarmagan.

Fazo va fazogir

Fazo men uchun bu – tartib. Menga fazoda aynan tartib yoqardi. Yerda esa ko‘p narsalar tartibsiz, bu yoqmaydi.

Fazogirning avvalo jismoniy tayyorgarligi kuchli bo‘lishi kerak. Ruhan tetik, o‘z nafsini jilovlay oladigan, ya’ni “men xohlayman”, degan tushunchani unutishi kerak.

Ma’lumot uchun:

Vladimir Jonibekov Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. U besh marta koinotga parvoz qilgan. Eng uzoq – beshinchi parvozi davomida “Soyuz T-13” kemasi kapitani sifatida “Salyut-7” orbital stansiyasi ustidan nazoratni tiklash uchun yuborilgan va 115 sutka mobaynida fazoda bo‘lgan.

Bilasizmi?

Toshkentdagi Kosmonavtlar shoh ko‘chasida (“Kosmonavtlar” metro bekati) fazogir byusti o‘rnatilgan. Ushbu byust qaysi fazogir ekani va uni kim yaratgani ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Byust tirik afsona Vladimir Jonibekovga atab 1984-yilda o‘rnatilgan. Asarni fazogirning do‘sti, haykaltarosh Yakov Shapiro yaratgan.

Foto: UZ24