Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on musulmon ayollari jamoat joylarida hijobda yurishini taqiqlagan Yevropa davlatlarini tanqid ostiga oldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

“G‘arbdagi achinarli ahvolning eng katta qurbonlari ayollardir. Hijobda yurish taqiqlari Yevropa mamlakatlarida borgan sayin kengroq tarqalmoqda. Bu bilan u yerda musulmon ayollari jamoat hayotida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishmoqchi. Ular uyda o‘tirishi lozimligi haqidagi ta’kidlar virusday tarqalmoqda”, — dedi Erdo‘g‘on Anqarada musulmon mamlakatlaridan tashrif buyurgan tadbirkor ayollar oldida qilgan chiqishida.

Uning so‘zlariga qaraganda, bugun ko‘pchilik Yevropa davlatlarida hijobli ayollarning ta’lim olishi va ishlashi cheklanmoqda.

“Imkoniyat tug‘ilganidan Turkiyaga demokratiyani o‘rgatishni yaxshi ko‘radigan davlatlarda oddiy insoniy huquqlar buzilishiga qarsak chalib o‘tirishibdi. Turkiya adolatsizlik va ikki xil standartlarga e’tibor qaratadigan kamdan-kam davlatlardan biridir”, — qo‘shimcha qildi davlat rahbari.