Toshkent viloyatining Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 18 yoshli Asilbek G‘ulomov giyohvand moddalar sabab ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Xabar berishlaricha, u 11-may kuni og‘irligi 2,16 gramm bo‘lgan marixuana bilan qo‘lga tushgan. Tergov jarayoni davom etayotgan vaqtda, 9-sentabr kuni esa uning sumkasidan 5 gramm kanabis moyi topilgan.

Qayd etishlaricha, Asilbek birinchi marta qo‘lga tushganidan so‘ng, u narkologiya dispanserida tekshiruvdan o‘tgan va u giyohvandlikdan majburiy tartibda davolanishga muhtojligi aniqlangan.

Toshkent shahar Olmazor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining Shayxontohur transport kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisi Asilbek G‘ulomov bilan bog‘liq holat ham ko‘rib chiqilgan.

Majlisda ayblanuvchining xulqi, jamoat joylarida o‘zini qanday tutishi, shuningdek, yoshi, oilaviy ahvoli inobatga olindi. A.G‘ulomovning giyohvand moddaga ruju qo‘yganligi va ochiq holatda davolanish imkoniyatini suiste’mol qilgani sabab, unga nisbatan sud tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov qo‘yildi.

Kodeksning 57-moddasi qo‘llangan holda unga ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu davrda belgilangan majburiy turdagi davolanish chora-tadbirlari ham amalga oshiriladi.

Muso Yusupov, Olmazor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining sudyasi