Xitoy Super Ligasida 2017-yilgi mavsum yakuniga yetgach, “Beydzing Guoan” futbolchisi Yegor Krimets ortga qaytishga qaror qildi. Bu haqda “Championat.asia” nashri ma’lumot berdi.
“Beydzing Gouan” mavsumni 9-o‘rinda yakunladi. Samvel Babayan murabbiylik vaqtida Krimets O‘zbekiston milliy termasining asosiy futbolchisi hisoblangan bo‘lsa-da, Xitoy klubi uni 2017-yilgi mavsum davomida bor-yo‘g‘i 5 ta uchrashuvda maydonga tushirdi. Avvalroq Babayan Krimets Xitoy Yoshlar Ligasida o‘ynayotgani haqida aytib o‘tgandi.
Krimets pekinliklar sharafini roppa-rosa 2 yil himoya qildi. U o‘zining birinchi mavsumida 28 ta o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgandi. Jamoasi bilan xayrlashgan futbolchini klub vakillari va muxlislari aeroportga qadar kuzatib qo‘ydi.
“Championat.asia” ma’lumotiga ko‘ra, Krimets o‘zining sobiq jamoasi “Paxtakor” safiga qaytadi. U navbatdagi mavsumdan e’tiboran toshkentliklar safini to‘ldiradi.